AQSh prezidenti Jo Bayden Putinni ogohlantirib, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon harbiy eskalatsiya bo‘lishini aytdi.

Rossiya armiyasi Ukrainada taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinmi va u qanday oqibatlarga olib keladi?

Taktik yadro quroli nima?

Taktik yadro quroli (TYaQ) – kichik yadroviy zaryadlar bo‘lib, jang maydonida foydalanish yoki cheklangan yadroviy zarba berish uchun mo‘ljallangan. Ular ma’lum bir hududdagi nishonlarni yo‘q qilishga xizmat qiladi, ammo katta hajmdagi radioaktiv ifloslanishga olib kelmaydi.

Eng kichik taktik yadro kallagining kuchi trotil ekvivalentida bir kilotonnagacha (ya’ni portlash kuchi ming tonna trotildan oshmaydi) bo‘ladi. Eng kattasi 100 kilotonnagacha bo‘lishi mumkin. Strategik yadro qurollari ancha kuchli – 1000 kilotonnagacha. Strategik qurollar uzoq masofadagi, minglab kilometr uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilish uchun qo‘llanadi.

Yadro kallaklarining jami soni

Tarixdagi eng kuchli termoyadro portlashi – Sovet «Tsar-bomba»si kuchi 58 megatonnadan ortiq edi. Xirosimaga tashlangan Amerika atom bombasining quvvati 15 kilotonna bo‘lgan.

Rossiya qanday taktik yadro quroliga ega?

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2 mingga yaqin taktik yadro zaryadi bor. Ularni turli raketalarga, masalan, qanotli va operativ-taktik raketalarga, shuningdek, artilleriya snaryadlariga o‘rnatish mumkin.

TYaQ samolyotlar yoki kemalardan ham ishlatilishi mumkin – bunda jangovar kallaklar raketalar, torpedolar yoki suvosti bombalariga o‘rnatiladi.

Rossiyaning strategik yadro kallaklari

Qo‘shma Shtatlarning ta’kidlashicha, Rossiya so‘nggi yillarda bunday qurollarni ishlab chiqarish, ularning aniqligi va qo‘llash mumkin bo‘lgan masofasini oshirish uchun katta mablag‘ sarflagan.

TYaQ avval ishlatilganmi?

Taktik yadro qurollari haqiqiy harbiy to‘qnashuvlarda hech qachon qo‘llanmagan.