RF prezidenti Vladimir Putin 21 sentabr kuni safarbarlik e’lon qilganidan keyin butun mamlakat bo‘ylab harbiy komissariat va ma’muriyat binolariga o‘t qo‘yish holatlarining yangi to‘lqini boshlandi. Harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yish holatlari 24 fevral kuniyoq boshlangan, urush dastlabki yarim yilida Rossiyada kamida 20 ta harbiy komissariat binolari yoqib yuborilgandi, eng ko‘p holatlar may oyiga to‘g‘ri keladi; endi esa bunay hujum holatlari keskin o‘sdi.

Harbiy komissariatlar

Sankt-Peterburg. 21 sentabr kuni kechqurun Peterburg tarkibiga kiruvchi Lomonosov shahrida Leningrad oblasti Lomonosov rayoni harbiy komissariati binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in birinchi qavatdagi cherkovga tegishli bo‘lgan xonada chiqqan. Yong‘in maydoni olti kvadrat metrni tashkil etgan. Hech kim jabrlanmagan.

Nijniy Novgorod. 21 sentabr kuni kechqurun Kanavinskiy rayoni harbiy komissariati binosiga o‘t ketdi. Taxminlarga ko‘ra, birinchi qavatdagi derazalardan biri orqali «Molotov kokteyli» uloqtirilgan. Yong‘in maydoni bir kvadrat metrni tashkil etgan, chaqiruv punktidagi stomatologiya xonasi eshigi va poli shikastlangan. Jabrlanganlar to‘g‘risida xabar berilmagan.

Orenburg oblasti. 22 sentabrga o‘tar kechasi Gay shahrida harbiy komissariat binosiga kirish eshigiga yonuvchi suyuqlik sepilib, o‘t qo‘yib yuborilgan. Yong‘in tezda o‘chirilgan, devorlardan biri shikastlangan.

Baykalorti o‘lkasi. 22 sentabrga o‘tar kechasi Kir qishlog‘idagi harbiy komissariat binosiga yonuvchan suyuqlik to‘ldirilgan butilka uloqtirilgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lmagan.

Amur oblasti. Svobodniy shahrida 23 sentabrga o‘tar kechasi harbiy komissariat binosiga «Molotov kokteyli» uloqtirilgan, butilka asfaltga tushgan va yong‘in chiqib, binoning fasadi zararlangan. Hech kim jabrlanmagan.

Xabarovsk o‘lkasi. 23 sentabrga o‘tar kechasi Xabarovskda Sanoat rayonidagi harbiy komissariat binosini yonuvchan modda to‘ldirilgan butilka orqali yoqib yubormoqchi bo‘lishdi, yong‘in ikki xonaga tarqalgan, jabrlanuvchilar bo‘lmagan.

Krasnoyarsk o‘lkasi. 24 sentabrga o‘tar kechasi Kansk shahrida shahar harbiy komissariatini yoqib yuborishga uringan keksa yoshli kishi qo‘lga olindi.