Tarix

Qirg‘iz va tojik millatlari xalq sifatida shakllangunga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tgan. Tojikiston va Qirg‘iziston to‘qnashayotgan hududlar qadimda Kushon, Eftalitlar, Buyuk Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar (tojik davlatchiligi), Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Qoraxitoylar, Mo‘g‘ullar, Temuriylar, Shayboniylar, Buxoro va Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lgan.

Qirg‘izlarning bu yerlarga kelishi Buyuk Turk xoqonligi bilan bog‘lansa, tojiklar o‘z tarixlarini o‘lkada yashagan qadimiy qabilalarga ulaydi.

Tojiklardan farqli ravishda qirg‘izlar o‘rta asrlarda o‘z davlatini qurishga erishgan, ular hozirgi Qirg‘iziston davlatining shimoliy qismlarida hukmronlik qilgan.

Ko‘p asrlar davomida Tojikistonning g‘arbiy qismi Buxoro, sharqiy qismi esa Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lib keladi.

Mintaqa Chor Rossiyasi tomonidan egallangach, hozirgi Qirg‘iziston hududi Turkiston general-gubernatorligining Yettisuv viloyati tarkibiga kiradi. Tojikistonning g‘arbiy qismi Buxoro amirligi nazoratida qoldi, sharqiy va shimoliy qismi esa general-gubernatorlikning Farg‘ona viloyati hududiga kiritiladi.

1924 yil SSSRda milliy-chegaralanish o‘tkazildi va Rossiya SSR tarkibidagi avtonom Qora-qirg‘iz respublikasi tashkil etildi. Shu yili O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR ham tashkil topdi. Tojikiston 1929 yil, Qirg‘iziston esa 1936 yilda mustaqil davlat sifatida qaytadan ittifoq tarkibiga qo‘shildi.

1991 yil SSSR tarqalib, respublikalar mustaqillikka erishgach, boshqa sobiq ittifoq davlatlari kabi ikki davlat o‘rtasida ham chegara bo‘yicha ilk munozaralar boshlandi. Gap uchga bo‘lingan Farg‘ona vodiysidagi sarhadlar haqida borayotgandi.

Biroq tez orada Tojikistonda boshlangan fuqarolik urushi muzokaralarni to‘xtatib qo‘yadi. Ikki davlatning asosiy chegara chiziqlarini aniqlash ortga suriladi. Bu esa har ikki tomon ba’zi hududlarni o‘ziniki deb hisoblashi va to‘qnashuvlar yuz berishiga olib keladi.

«Farg‘ona umumiy uyimiz»

O‘zbekistonda ko‘pchilik Farg‘ona vodiysi sifatida uch viloyat — Farg‘ona, Namangan va Andijonni biladi. Ammo Farg‘ona vodiysi ancha katta geografik hudud bo‘lib, Tojikistonning Xo‘jand, Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlarini ham qamrab oladi. Farg‘ona vodiysida jami yettita anklav mavjud bo‘lib, ularning oltitasi Qirg‘izistonda, bittasi O‘zbekistonda joylashgan. Ushbu anklavlar nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki Markaziy Osiyoning keskinlik o‘choqlaridir.