Ukrainlar bunday dronlarga qarshi zenit raketa va artilleriya tizimlarini qo‘llamoqda. Bunday dronlarni Germaniya Ukrainaga bergan Gepard zenit qurilmasi bilan ham urib tushirish mumkin. Foto: Getty Images

«Avvaliga juda yoqimsiz g‘o‘ng‘illagan tovush eshitildi, keyin nimadir qulab tushdi – juda kuchli portlash yuz berdi. Go‘yo quduqqa yoki yopiq hovliga nimadir tushgandek bo‘ldi», deydi odessalik jurnalist Alyona Balaba BBC bilan suhbatda. 25 sentabr kuni u yashaydigan joydan ikki ko‘cha uzoqlikdagi binoga Rossiyaning Eronda ishlab chiqarilgan dron-kamikadzelari zarba berdi.

Juma kuni dronlarning birinchi zarbasi oqibatida portda tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Shundan so‘ng, harbiylar bunga tayyor turishdi. Bitta dron dengiz ustida urib tushirildi, ikkitasiga qarata o‘q uzilgan bo‘lsa-da, urib tushirishning iloji bo‘lmagan.

Yakshanba kuni, deydi Balaba, portlashlardan yigirma daqiqa oldin havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi. Lekin hujumni to‘liq bartaraf etishning imkoni bo‘lmadi.

Dronlar binoga jiddiy zarar yetkazdi, biroq, u harbiylar tomonidan foydalanilmayotgan edi. Shunga qaramay, bu va avvalgi havo hujumlari Ukraina armiyasi uchun yangi, jiddiy muammo paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Dushanba kuni ertalab uchta dron Odessadagi ikkita obektga – o‘q-dorilar ombori va harbiy shtabga hujum qildi. Bir dron urib tushirildi, biroq qolgan ikkitasi nishonga tegdi. Qurbonlar bo‘lmadi, chunki, harbiy obektlarda odamlar yo‘q edi.

Dushanba oqshomida Odessa yaqinida yana bir nechta dron urib tushirildi.

Seshanba kuni ertalab uchta dron Mikolayivga hujum qildi, biroq ular Ukraina havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan.

Kutilmagan «Geran»

Ukrainada bu dronlar haqida birinchi marta 13 sentabr kuni gapira boshlashdi. Kupyansk yaqinida Ukraina qurolli kuchlari (UQK) tomonidan «Geran-2» yozuvi bo‘lgan g‘ayrioddiy dron urib tushirildi. Uning parchalari Eronning «Shahed-136» droniga o‘xshash edi.