Donetsk oblastida olg‘a siljiyotgan ukrain qo‘shinlari Liman va uning atrofidagi hududlarni mudofaa qilayotgan Rossiya guruhini qurshab olmoqda. Ukrainlarning shimoli-g‘arbdan va janubi-sharqdan ilgarilayotgan qismlari bir-biri bilan uchrashishga va Rossiya qismlari chekinishi mumkin bo‘lgan so‘nggi yo‘lni kesib qo‘yishga yaqin. Ammo bu yo‘l ham xavfsiz emas - u allaqachon Ukraina artilleriyasi nishonida turibdi.

Ukraina qo‘mondonligi nimani rejalashtirgani tushunarli: Limanni to‘g‘ridan to‘g‘ri shturm qilishdan voz kechilib, rossiyaliklarning mazkur hududda joylashtirilgan barcha qismlarini o‘rab olish uchun qanotlardan hujum qilishga qaror qilindi.

Lozova tomondan yurish qilgan shimoliy guruh o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani deyarli uddalagan - bu yo‘nalishdagi qo‘shinlar Jyerebets daryosi yoqasidagi suv omboriga yetib kelib, Rossiya qismlarini shimoldan uzib qo‘ygan va ularni Limandan 12 km shimoli-sharqdagi muhim transport tuguni hisoblangan Torskoye atrofida mudofaa janglari olib borishga majburlamoqda, Limandagi Rossiya kuchlari asosiy kuchlar bilan bog‘lanishi uchun qolgan yagona yo‘l mazkur posyolkadan o‘tadi.

Ukraina qurolli kuchlarining janubiy qanoti ham jadallik bilan harakatlanmoqda. Bu guruh rossiyaliklarning Limandan 13 km janubi-sharqdagi Yampil shahridagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi, Kreminna yo‘nalishida chalg‘ituvchi yoki tiyuvchi zarbalar berib, Torskoyega janubi-g‘arbdan yaqinlashdi. Chorshanba kuniga o‘tar kechasiyoq Torskoyeda ilk diversiya-razvedka guruhlari paydo bo‘lgan.

Ukrain qo‘shini Liman dugi (yoyi)ning boshqa uchastkalarida ham bosim uyushtirmoqda - shahardan sakkiz kilometr shimoli-g‘arbdagi Novoselovka qishlog‘i egallangan, shimoli-g‘arbdagi Drobishevo, janubi-g‘arbdagi Shurovo va janubi-sharqdagi Dibrova tomondan Limanga hujum qilinmoqda, Svatovo - Kreminna shossesi o‘qqa tutilmoqda.

«Bu harakatni endi to‘xtatib bo‘lmaydi. Va u yerda ularni kichikkina, chiroyligina «kotyol» kutmoqda. U yerga endi qo‘shimcha kuchlar yetib bora olmaydi. U yerda hammasi hal bo‘lgan - «yetib borishgan», - dedi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich.

Ehtimol, Arestovich kamtarlik qilgandi - chunki bu yerda qurshovda qolayotgan guruh kattagina.