Jilovi tortilgan “to‘ralar”, Toshkentda tezlik cheklovi, haj va umra xushxabari - hafta dayjesti
Oqlov, hayfsan, “qattiq” hayfsan, oyligidan bosib qolish va ishdan olish – barchasi bir haftada: mansabdorlarga kelganda real qonuniy jazo eng oxirgi chorami? Yakunlanayotgan haftaning asosiy voqea-hodisalari – Kun.uz dayjestida.
O‘zbekistonliklar uchun haj kvotasi 2 barobarga oshadi
Haftaligimizni xushxabar bilan boshlaymiz. Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolari uchun haj va umra kvotalari 2 barobarga oshiradigan bo‘ldi. Podshohlikning haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Robiyaning Toshkentga tashrifi davomida shunday kelishuvga erishildi.
Kelishuvga ko‘ra, endilikda hajga boradigan o‘zbekistonliklar soni yiliga 12 mingdan 24 mingga ko‘payadi. Umra ziyoratiga esa yiliga 100 ming nafargacha o‘zbekistonlik borishi mumkin bo‘ladi. Taqqoslash uchun, bu yil O‘zbekistondan umra qiluvchilar soni ilk marta 40 mingdan oshgan.
Bu yangilik uzoq yillardan beri hajga navbati kelishini kutayotganlar uchun ayniqsa quvonchli bo‘ldi. Buni avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifining natijasi deyish mumkin.
Tashrif davomida Saudiya fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi uchun vizasiz rejim o‘rnatilishi e’lon qilingan edi. Shu hafta Toshkentda o‘tgan muzokaralarda ham Arabistondan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga katta urg‘u berildi. Eslatib o‘tamiz, 15 sentabrdan boshlab FlyNas aviakompaniyasi Toshkent va Jidda o‘rtasida haftasiga 2 ta aviareysni yo‘lga qo‘ygan. Umuman, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini haftasiga 14 taga yetkazish mo‘ljal qilinyapti.
Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarining Saudiyaga borishini erkinlashtirish masalasi hozircha ochiq qolyapti. Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘zbekistonliklar podshohlikka borish uchun mustaqil ravishda vizaga ariza bera olmaydi, buning uchun sayyohlik firmasiga murojaat qilish kerak. Haj va umra ishlari vazirining Kun.uz savoliga javoban aytishicha, bevosita elektron viza oluvchilar ro‘yxatiga O‘zbekiston fuqarolarini ham qo‘shish masalasi ko‘rib chiqilyapti.
Ma’lumot uchun, bu yilgi Haj ziyorati narxi salkam 63 million so‘m bo‘lgan edi. Shu o‘rinda hajga borish uchun navbatning shaffof emasligini eslatib o‘tish kerak, buni hal qilish uchun navbatga yozilishni davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish masalasi kechikyapti.
Umra haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda navbatlar ham, yagona narx ham yo‘q, chunki bu yildan boshlab umra ziyoratini tashkil etishda davlat monopoliyasi amalda bekor qilindi. Hozir turistik firmalar taxminan 14-15 mln so‘mdan boshlab umra safarini taklif qilyapti. Mehmonxonaning joylashuvi, sharoitlari, aviareysning qulayligi va boshqa qo‘shimcha xizmatlarga qarab narxlar ko‘tarilib boraveradi.
Toshkentda tezlik cheklovi pasaytirilishi kutilmoqda
Toshkentda avtomobillar uchun ruxsat etilgan tezlik haftaning eng muhokamali mavzularidan biri bo‘ldi. Shaharda tezlik cheklovi nihoyat pasaytirilishi kutilyapti. Shahar deputatlarining bir qismi jamoatchilik bosimi ortidan shunday qarorga kelishga majbur bo‘ldi.
Gap shundaki, o‘tgan hafta Toshkentning ayrim ko‘chalarida ruxsat etilgan tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirish haqida yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi kiritgan taklif Toshkent shahar kengashida tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Bu taklifni qoralagan deputatlarning o‘zi faollarning tanqidiga duchor bo‘lgach, vaziyat o‘zgardi.
Bunda jamoatchilik faollari deputatlarga prezidentning so‘zlarini eslatgani ham rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Shu yil boshida Shavkat Mirziyoyev tez orada Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilanishini aytgan edi.
Payshanba kuni shahar kengashining doimiy komissiyasi yig‘ilishida bu masala qayta ko‘rib chiqildi va kutilganidan ham kengroq miqyosdagi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Toshkentda Kichik halqa yo‘li ichida joylashgan BARChA KO‘ChALARDA harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha cheklanishi mumkin. Bundan tashqari, shahardagi eng asosiy ko‘chalarning ayrim qismlarida tezlik 50 km/soat deb belgilanishi taklif etilyapti. Bu taklif shahar kengashining navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqiladi.
Haydovchilarning katta qismi tezlik pasaytirilishiga qarshi. Lekin shaharda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi o‘limlar va jarohatlar soni haddan tashqari ko‘pligi, ularning katta qismi tezlik bilan bog‘liqligini inkor qilib bo‘lmaydi. Manzilga atigi bir necha daqiqa ertaroq borish esa inson hayoti, ayniqsa bolalarni xavf ostiga qo‘yishga arzimaydi.
Shuni unutmaslik kerakki, dunyoning eng mashhur shaharlarida ham 40-50 km/soat tezlik – mutlaqo norma. Tezlik cheklovini birozgina pasaytirish o‘limlar va jarohatlar sonini bir necha barobarga kamaytirishi ilmiy tadqiqotlarda allaqachon isbotlangan. Bundan tashqari, tezlikning pasayishi yo‘llarning avtomobillarga to‘yinganlik darajasini oshiradi, bu degani yo‘lning eni va uzunligi o‘zgarmay qolsa ham, bu yo‘lda bir vaqtning o‘zida harakatlana oladigan avtomobillar soni oshadi. Ya’ni shu orqali yo‘lni kengaytirmay turib ham uning sig‘imi va o‘tkazuvchanligini oshirish mumkin.
Pastroq tezlikda tormoz masofasi ham qisqaradi, bu esa YTHlar kamayishiga olib keladi, bu o‘z navbatida sun’iy tirbandliklarning oldini oladi. Deyarli hamma avtomobillar 50 km/soatda yursa, tabiiy ravishda qoidabuzarlarning ham tezlikni oshirish imkoniyati cheklanib qoladi.
Albatta, yo‘llarimizni xavfsizroq va tartibliroq qilish uchun infratuzilma, jamoat transporti va jazo muqarrarligi bilan bog‘liq boshqa ko‘plab choralar ham kerak. Lekin ular orasida eng tez va eng oson qilsa bo‘ladigani – aynan tezlikni pasaytirish.
Umuman olganda esa, haqiqat shuki, O‘zbekiston shaharlarida ertami-kechmi tezlik baribir pasaytiriladi. Shunday ekan, bu qancha ertaroq qilinsa, shuncha ko‘proq insonlar hayoti saqlab qolinadi. Oldimizda turgan tanlov esa oddiy: bizga sershovqin, asabiy va avariyalarga to‘la shahar kerakmi yoki xotirjam, xavotirlarsiz, osuda hayotmi?
Avtohalokatga uchragan Zohid Risqiyev komada qolmoqda
Yana avtohalokatlar mavzusi. Juma kuniga o‘tar kechasi Toshkentning Yunusobod tumanidagi Mega Planet savdo markazi oldida BMW katta tezlikda avtohalokatga uchradi. Rulda sobiq “Ummon” guruhining solisti Zohid Risqiyev bo‘lgan. U hozir komada.
Xonanda bilan birga mashinada bo‘lganlardan biri voqea joyida vafot etgan. Yana ikki yo‘lovchi esa shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan birining o‘rta og‘ir holatda, ikkinchisiga esa ahvoli qoniqarli ekani sabab uyiga javob berilgan.
Avariya paytida avtomobil tezligi ancha katta bo‘lganini BMW'ning holati va joylashgan joyi ko‘rsatib turibdi. Mashina qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketib, dumalab ketgan. Agar qarama-qarshi yo‘nalishda mashina yoki trotuarda yo‘lovchilar bo‘lganida qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin edi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish 7 yilgacha qamoq jazosi bilan yakunlanishi mumkin.
“To‘rachilik kayfiyatidagi xonlar”ning jilovi tortildi
“Ba’zilar o‘zlarini go‘yo xonlardek tutib, to‘rachilik kayfiyatiga berilib ketgan”. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov 27 sentabr kungi yig‘ilishda o‘zidan ketgan davlat amaldorlarini ana shunday ta’rifladi. Tiyiqsiz hokimlarga nisbatan anchadan beri aholi bong urib kelayotgan shikoyat rasman yuqori doiralarda ham tan olindi: Umrzoqov hokimlar “butun davlat tizimi va prezident jamoasini uyatga qo‘yayotgani”ni aytdi.
Yig‘ilishda 6 ta amaldor ishdan olinib, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga intizomiy jazo berildi. Ma’lum bo‘lishicha, internetda tarqalgan sharmandali audiolardagi ovoz haqiqatan ham Bobolovniki ekani ekspertizada tasdiqlangan. Unga ish haqining 40 foizi miqdorida jarima intizomiy jazosi tayinlandi.
Jamoatchilik Bobolovning qilmishi shu bilan yopilmasligidan umid qilyapti, ayrim manbalar esa haqiqiy jazo oldinda ekaniga shama qilyapti. Nima bo‘lganda ham viloyat hokimi darajasidagi odam korrupsioner tanishini himoya qilib prokurorni so‘ksa, bu bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tergovga aralashsa, majburiy obunani tiqishtirib mansab vakolatidan chetga chiqsa-yu, oxir-oqibat shuncha qilmishi uchun arzimagan jarimaga tortilsa, bu Umrzoqov aytgan davlat tizimiga yangi savollarni uyg‘otishi aniq.
Selektorga qaytsak. Ishdan olingan beshta tuman hokimidan uchtasi – Andijondan. Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev fuqarolarni poygakda qabul qilgani uchun ishdan haydaldi. Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov yer ajratishdagi qonunbuzarliklar, Paxtaobod hokimi Elyorbek Usmonov esa imtiyozli kredit ajratishdagi kamchiliklar sabab lavozimdan olindi.
Ishdan ketganlardan yana biri – Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov; u jiddiy qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygani, yer ajratishga oid holatlardan biri bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani aytildi. Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldoshev esa hokimlik xodimini kaltaklagani uchun ishdan olindi.
Yig‘ilishdagi yana bir iste’fo sabab ko‘pchilik “O‘zbekchorvanasl” degan agentlik borligidan xabar topdi. Uning direktori Baxtiyor Otamurodov Namanganga xizmat safariga borganida mehmonxonada janjal ko‘targan. Buning uchun u ishdan olindi. Lekin aytganimizdek, ko‘pchilik uchun asosiy yangilik bu emas. O‘zbekistonda shunaqa agentlik borligi, uning rahbari soliq to‘lovchilar hisobidan mehmonxonada tunashi, soliq to‘lovchilar hisobidan samolyotda uchishi, soliq to‘lovchilar hisobidan xizmat mashinasida yurishi – aslida shular ko‘pchilik uchun asosiy yangilik.
Dehqonning ustiga minib olganlar. Ular qatoriga endi klasterlar ham qo‘shildi
Sardor Umrzoqov selektorda bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga klasterlar faoliyatini tekshirish haqida topshiriq berdi. Prezident administratsiyasining tasdiqlashicha, klasterlarga past narxda paxta sotishni xohlamagan fermerlarga tuman sektor rahbarlari tomonidan bosim o‘tkazilyapti.
Kun.uz ikkinchi haftadirki bu mavzuni ko‘tarib kelyapti. Biz fermerlar yetishtirgan paxta klasterlarga tortib olib berilayotgani bo‘yicha hozircha uchta viloyatdagi holat haqida xabar berdik. Ulardan birida, Andijonning Bo‘ston tumanida paxtani olib qo‘yish uchun hatto “maska-shou” uyushtirilgan.
Achinarlisi shundaki, 2016 yildan keyingi davrda ham huquqlari eng ko‘p ochiqchasiga, namoyishkorona toptaladigan tadbirkorlar aynan fermerlar bo‘lib qolyapti. O‘z huquqlarini tanib, klaster bilan shartnoma tuzmay, qonunda yozilganidek kooperativlarga birlashayotgan fermerlarni hech kim himoya qilolmayapti. O‘zbekiston qonunlari emas, “o‘rmon qonunlari” hukmron tumanlarda hokimlar, prokurorlar va melisalarning bosimi bilan ojiz fermerlar monopolist klasterlarga “yem qilinyapti”.
Bunga qarshi kurashish kimsan Shuhrat G‘aniyevga – qonun va prezident farmonidan ustun qo‘yilayotgan hukumat protokolining muallifiga topshirilayotganidan kelib chiqsak, topshiriq ijrosiga katta umid bog‘lash biroz qiyin ko‘rinadi.
Ichki ishlar xodimlari fuqaroni do‘pposlasa, sudya uni oqlab bersa... Farg‘onada nimalar bo‘lyapti?
O‘zbekistonda fuqarolarning ichki ishlar binosida do‘pposlanishi, hatto o‘ldirilishi ham afsuski yangilik emas. Shunday holatlarning navbatdagisi Farg‘ona shahar ichki ishlari bo‘limida ro‘y bergan. Jinoyat-qidiruv bo‘limining katta tezkor xodimi va profilaktika inspektori fuqaroni bo‘g‘ib, kaltaklagan.
Kaltaklash videosi internetda tarqalganidan keyin rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea o‘tgan yilning yozida ro‘y bergan. Avvaliga Yozyovon sudi ularni aybdor deb topib, ish haqining 30 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan. Lekin Farg‘ona viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi birinchi hukmni bekor qilib, ikkala xodimni ham aybsiz deb e’lon qilgan.
Juda va juda g‘alati keys. Videoni ko‘rib, ichki ishlar tizimidagi zo‘ravonlikni qoralab tursang-u, ularning qilmishi oldida sudyalarning qarorlari chikora bo‘lib chiqsa, qaysi biriga kuyasan?
Oliy sud oqlov hukmini chiqargan sudyaning ism-familiyasini oshkor qilmadi. Farg‘ona viloyati sudida ishlaydigan bu sudyaning fikridan kelib chiqilsa, ichki ishlar xodimlari o‘z xizmat xonalarida fuqarolarni xohlaganicha urib do‘pposlashi mumkin. Endi oddiy savol. IIBda kaltaklangan fuqaro shu sudyaning yaqin odami yoki qaysidir kattakonning qarindoshi bo‘lganida, hukm qanaqa bo‘lardi?
Hartugul, Farg‘ona viloyati prokurori o‘z viloyatida bo‘layotgan bu bedodlikdan uyalgan shekilli, viloyat sudyasining oqlov hukmi ustidan Oliy sudga shikoyat qilgan. Ish endilikda Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rib chiqiladi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, o‘sha voqeadan keyin tezkor xodimga “qattiq” hayfsan, uchastkavoyga esa hayfsan berilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov murojaat bilan chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzuda qo‘pollashmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi badxulq bo‘lib odamlarni chiroyli xulqqa chaqirish ma’ruzachining odobiga to‘g‘ri kelmaydi.“Ko‘rmurid bo‘lib, ustozlari kabi narigi tomonni haqorat qilyapti”, dedi internetda tortishayotgan domlalar va ularning muxlislarini insofga chaqirgan Nuriddin domla Xoliqnazarov.
O‘zbekiston boshqa davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga sodiq qoladi. Bu haqda juma kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. Bu bayonot Rossiya Ukrainaning to‘rtta viloyatini o‘ziga qo‘shib olgan kunda yangradi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston huquqbuzarlik sodir etmagan Rossiya fuqarolarini deportatsiya qilmaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH davlatlarining xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini Moskvaga yig‘ib, ularga ma’ruza o‘qidi. O‘zbekiston DXX raisi Abdusalom Azizov ham qatnashgan videokonferens-uchrashuvda Putin G‘arb davlatlari go‘yoki MDH hududida yangi inqirozlarni yuzaga keltirmoqchi ekanini aytib ishontirmoqchi bo‘ldi.
Kuz-qish mavsumi boshlanayotgan kunlarda Energetika vazirligiga nihoyat yangi rahbar tayinlandi. Salkam yarim yil bo‘sh turgan bu lavozimni “O‘zatom” agentligi direktori, “O‘zkimyosanoat” raisi Jo‘rabek Mirzamahmudov egalladi. E’tiborlisi, u deputatlar savollariga javoban O‘zbekiston AES qurish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini aytgan. Ochig‘i, Ukrainadagi urush va AESlarga hujumlar fonida O‘zbekiston Rossiya bilan AES bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotgani juda g‘alati.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024