Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastidagi Liman shahrini qaytarib oldi. Rossiya mudofaa vazirligi ushbu shahar ustidan nazorat boy berilganini tan oldi va bu Ramzan Qodirov hamda Rossiyadagi urushning boshqa tarafdorlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

So‘nggi kunlarda Liman shahri atrofidagi aholi yashash manzillarini nazoratiga olgan Ukraina qurolli kuchlari 1 oktyabr kuni, Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya tomonidan rasman annexia qilinganidan keyingi kuni Liman shahriga kirishdi.

Kun avvalidayoq ukrainalik harbiylar shaharga kira boshlagani aks etgan video va fotolar tarqaldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Ondriy Yermak o‘z tvitterida ukrain harbiylari shaharga kirishdagi stelaga mamlakat bayrog‘ini ilayotgani aks etgan videoni joylashtirdi.

Boshqa bir videoda esa ukrain harbiysi shunday deydi: «Welcome to Liman». U bu videoni shaharga janubdan, Yampil tomondan kirib keladigan temiryo‘l ko‘prigi ustida turgan holda olgan.

Ko‘p o‘tmay rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida ham Rossiya armiyasi Limanni tark etgan  bo‘lishi mumkinligi haqida yoza boshlashdi.

Liman atrofidagi ukrain jangchilari

Kun oxiriga kelib Rossiya mudofaa vazirligi Liman boy berilganini rasman tasdiqladi.

«Yo‘qotishlarga qaramay jonli kuch va vositalarda sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan raqib zaxiralarni ishga solib bu yo‘nalishda hujumlarni davom ettirdi. Qurshov xavfi yuzaga kelgani tufayli ittifoqchi qo‘shinlar Qizil Liman aholi yashash manzilidan yanada afzalroq marraga olib o‘tildi», deya ma’lumot berdi RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov. Rossiya harbiy idorasi «ittifoqchi kuchlar» deb «LXR» va «DXR» harbiylarini nazarda tutadi (ushbu hududlarning annexia qilinishi jarayoni keyingi haftada qonunchilikda rasman ifoda etilishi kerak). Konashenkov odatda Limanni uning sovetcha nomi bilan ataydi.

Rossiya armiyasi aynan qaysi «afzalroq marra»ga olib ketilganiga aniqlik kiritilmagan.