O‘zbekiston | 10:40 / 05.10.2022
7041
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonga JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yordam beradi

Vashingtonda O‘zbekiston va AQShning JSTga a’zo bo‘lish jarayonidagi hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili sobiq yordamchisi, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilishi bo‘yicha maslahatchi etib tayinlangan Mark Linskott va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi direktori etib tayinlangan Jeyson Gilpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning savdoni erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish, JST kelishuvlari tamoyillari va shartlari asosida tashqi savdoni isloh qilish tizimini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida jahondagi ilg‘or tajribani qo‘llash tarafdori ekani ta’kidlandi. 

Mark Linskott O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini rag‘batlantirish uchun berilgan imkoniyatga minnatdorlik bildirdi va bu jarayonda respublikaga yordam berishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. U o‘z jamoasi bilan bozor iqtisodiyoti, sanoat subsidiyalari va davlat savdo korxonalarini isloh qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi, O‘zbekiston idoralariga tovar va xizmatlar tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy maslahatlar beradi.

Amerika tomoni texnik ko‘maklashish loyihalarini hayotga tatbiq etish doirasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berar ekan, O‘zbekistonga JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yordam samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar va mexanizmlarni taklif qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha JSTga a’zo bo‘lish uchun zarur hujjatlarni tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, muzokaralar jarayoni bilan bog‘liq masalalarni ilgari surishni jadallashtirishga doir birgalikdagi ishlarni faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid