7 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha laureatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga Rossiyaning «Memorial» huquqni himoya qiluvchi tashkiloti, Ukrainaning «Fuqarolar erkinligi markazi», shuningdek belaruslik huquq himoyachisi, «Vesna» huquqni himoya qilish markazi raisi Ales Belyatskiy loyiq ko‘rildi. Ales Belyatskiy uchun bu Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga oltinchi nominatsiya va ilk g‘alabadir.

2021 yilning iyulidan Belyatskiy qamoqxonada — xuddi shunday ayblov bilan u 2011 yildan 2014 yilgacha ham muddat o‘tagan. Belarusning «Zerkalo» nashri huquq himoyachisining hayoti haqida maqola e’lon qildi.

Muzey direktoridan huquq himoyachisilikkacha

Ales Belyatskiy yoshligidan Belarus milliy harakatiga a’zo bo‘lgan.

U 1962 yilda hozirgi Kareliya hududida tavallud topgan. U uch yoshga kirganida ota-onasi o‘z vatani Belarusga qaytishgan. Shoiyel universitetining tarix-filologiya fakultetini tugatib, Belyatskiy armiyaga borib kelgan va Minskda aspiranturaga topshirgan. O‘shanda u «Tuteyshiya» yosh adabiyotchilar birodarligining ta’sischisi va yetakchilaridan biri bo‘ldi. Bu tashkilot sharofati bilan Belarus adabiyotiga keyinchalik klassik adiblarga aylangan ko‘plab ijodkorlar kirib kelgan: shoir Anatoliy Sisdan tortib nasrnavis Andrey Fedorenkogacha.

Maksim Bogdanovich nomidagi Minsk adabiyot muzeyi ochilishi. Chapdan uchinchi Belyatskiy.
Foto: arxiv TUT.BY

Belyatskiyning adabiyotga qiziqishi shu bilan nihoyalanmagan. 1989 yilda aspiranturani bitirib u Maksim Bogdanovich nomidagi Minsk adabiyot muzeyi direktori lavozimiga saylangan. Bu lavozimda u 1998 yilgacha ishlagan. Mamlakatdagi eng yaxshi muassasaga aylangan muzey aynan uning qo‘l ostiga tashrifchilar uchun eshiklarini lang ochgan, Belarusda, hatto Rossiyada (Yaroslavlda) uning filiallari ish boshlagan. Belyatskiy yaxshi tashkilotchi sifatida tanildi, bu sifati kelgusida o‘z rolini o‘ynadi.

1996 yilda uning qo‘l ostidagi xodimlarning bir qismi hibsga olingan siyosiy faollar va ularning qarindoshlariga ko‘mak ko‘rsata boshladi: mamlakatda tinch namoyishlarni zo‘ravonlik bilan bostirish boshlangan edi. Belyatskiy rahbarlik qilgan huquqni himoya qilish tashkilotini tuzish g‘oyasi shunda paydo bo‘ldi. U muzey bilan xayrlashdi, yangi tashkiloti — «Vesna» uning asosiy faoliyat maskani bo‘ldi.