Safarbarlikdan qochib kelayotgan muhojirlar – O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilmasiga yukmi yoki imkoniyat? Narx-navo oshishi haqidagi xavotirlar qanchalik o‘rinli?

Kun.uz shu kabi savollar yuzasidan iqtisodchilar Otabek Bakirov va Mirkomil Xolboyevga murojaat qildi.

Narxlar kutilmalarga bog‘liq, yetarli ma’lumotning yo‘qligi esa kutilmalarni yomonlashtiradi

Otabek Bakirov:

— Statistika qo‘mitamiz O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelayotgan muhojirlar soni haqidagi ma’lumotlarni davlatlar qirqimida har oyda berib boradi. Albatta, bu Rossiyadan kelayotgan muhojirlarning barchasini ifodalamasa ham, qanaqadir signal beradi. Unga ko‘ra, sentabr oyida 78,2 ming rossiyalik O‘zbekistonga kirib kelgan. Agar ma’lumotlar ochiqlangan birinchi oy – aprel bilan solishtirsak, O‘zbekistonga turist maqomida kirib keluvchi rossiyaliklar soni taxminan 2,7 barobarga oshgan.

Bu – jami kirib keluvchilarning qancha qismi ekani haqida bir narsa deya olmayman. 1 oktyabrdan 10 oktyabrgacha yana qancha rossiyalik, xususan, safarbarlikdan qochib O‘zbekistonga kirib kelgani noma’lum.

Agar statistika sifatli va chuqur bo‘lsa, aholi va biznes o‘ziga kerakli signallarni ola oladi. Qo‘limizda sifatli ma’lumotlar bo‘lmas ekan, to‘g‘ri baholashlarni tasavvur qila olmaymiz. Tasavvur qilsak ham, katta xatoliklarga yo‘l qo‘yishimiz mumkin.

Kirib kelayotgan muhojirlar o‘rtasida so‘rovlar uyushtirish, anketalar vositasida ularning yosh, jins, daromad tarkibi kabilarni aniqlash mumkin. Bu narsalar nima uchun kerak? Narxlarning shakllanishida kutilmalarning o‘rni haddan tashqari yuqori. Eng to‘g‘ri pul-kredit siyosati yuritilsa ham, raqobatli bozor sharoiti mavjud bo‘lsa ham, agar kutilmalar yomon bo‘lsa, narxlar oshishda davom etishi mumkin.

Kutilmalar qachon yomon bo‘ladi? Yetarli axborot mavjud bo‘lmagan holatda kutilmalar yomon bo‘ladi. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, ayniqsa shundan manfaatdor odamlar: “Toshkentga 100 mingta odam kelibdi, shuning uchun narxlar 3 barobar ko‘tarilib ketibdi”, degan gaplarni tarqatadi. Aslida esa 100 ming emas, hattoki 10 mingta odam ham kelmagan bo‘lishi mumkin.