Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan olis qishloqlardagi tibbiyot maskanlarining holati bilan jurnalistlar tanishtirildi. Ochig‘i, Sazog‘ondagi shifoxona bizda katta taassurot qoldirdi.

Bo‘limda ayni kunlarda dunyoga kelgan 6 ta chaqaloq saqlanayotgan ekan. Bir yilda Sazog‘ondagi tug‘uruq bo‘limda 360-370 nafar chaqaloq dunyoga kelar ekan.

1932 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot maskaniga yaqinda homiylik yordami bilan sendvich panellardan yangi zamonaviy korpus ikki oy ichida qurib foydalanishga topshirilibdi. Bu yerda 50 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika, dantist xonasi, 5 tadan bolalar, tepapiya va tug‘uruq o‘rinlariga ega statsionar 11 ming aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bino yangi, issiq va sovuq suv, barcha uskunalar bor, tartib-tamoyilga ko‘ra tekin dori-darmonlar o‘z vaqtida yetkazilib turilibdi. Boz ustiga bunday olis maskanda xizmat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshiga ustamalar ham qo‘shib berilar ekan.

So‘lim maskanda hordiq chiqib turgan sazog‘onlik otaxonlar bilan suhbatlashdik. Ular barcha sharoitlar yetarli ekani, barcha kadrlar o‘zlarining qishlog‘idan chiqqani, har yili tibbiyot oliygohining o‘ziga qishloqdan 15-20 chog‘li yoshlar o‘qishga kirishini to‘lqinlanib gapirib berishdi. Tibbiyotchi kadrlar, hamshiralar bilan qishloq nafaqat mahalliy hududiy bo‘limni, shuningdek qo‘shni mahallalarni ham ta’minlashar ekan.

Yaqindagina maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” respublika tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan 11-maktab ham shu qishloqda joylashganini otaxonlar faxr bilan gapirib berishdi.

Umuman, hamkasblar bilan shu kuni Past Darg‘om, Nurobod va Samarqand tumanlarining bir qator olis qishloqlarida bo‘ldik.

Past Darg‘om tumanining Katta Chandir mahallasida TTBga qarashli «Farovon» oilaviy shifokorlik punkti 3,5 ming aholiga xizmat ko‘rsatmoqda ekan. Bemorlar bilan suhbatlashganimizda ular yaratilgan sharoitlardan minnatdorligini bildirishdi.