Bu hali frontga borishga ulgurmagan hamda Mudofaa vazirligi o‘quv markazlari va harbiy bazalarida turli sabablarga ko‘ra halok bo‘lgan safarbar qilinganlar soni. Halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar, asosan, safarbar qilinganlarning qarindoshlari va yaqinlari murojaat qiluvchi mintaqaviy nashrlarda paydo bo‘lmoqda. Rasmiylar bu hodisalarga izoh berishni xohlamaydi va aybni asosan jabrlanganlarning o‘ziga yuklaydi.

28 sentabr kuni bir qator nashrlar huquq-tartibot organlaridagi manbalarga tayanib, Tyumen yaqinidagi «Andreyevskiy» yig‘in punktida safarbar qilingan erkak halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Mahalliy hokimiyat hech qanday tafsilotlarni, jumladan, marhumning ism-sharifini ham ochiqlamadi va OAV so‘rovlariga javob bermadi.

11 oktyabr kuni Tergov qo‘mitasining harbiy tergov bo‘limi sayti bo‘lmish «72.RU»da Tyumen garnizonidagi erkakning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va tergov ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi, ammo to‘liq tafsilotlar yana oshkor qilinmadi. 12 oktyabr kuni, «NeFT» nashri o‘z manbalariga tayanib, erkak 49 yoshda bo‘lgani va uy-joy kommunal xo‘jaligi korxonasida ishlagani haqida xabar berdi.

«Xaltadagi yalang‘och jasad qishloqqa yetkazildi va unga «Asfiksiya» (tanaga sun’iy ta’sir sabab kislorod yetishmasligi, masalan, ovqat tiqilib qolishi kabi) tashxisi bilan tibbiy guvohnoma berildi. O‘lim sababiga «jang paytidagi o‘lim» ham, «o‘z joniga qasd qilish» ham emas, balki «boshqa sabab» ko‘rsatilgan», — deya ta’kidlaydi nashr.

28 sentabr kuni «Baykal o‘lkasi janubi-sharqidagi harbiy qismlardan birida safarbar qilingan shaxsning jasadi topildi», deya xabar berdi «Chita.ru» portali. Tergov qo‘mitasining harbiy tergov bo‘limi jurnalistlarga o‘lim yuz berganini tasdiqlagan, ammo shunday so‘ng boshqa tafsilotlarni oshkor qilmagan.

3 oktyabr kuni Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurtida safarbar qilingan erkak halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Bu ma’lumotni Novosibirsk oblastidagi Inson huquqlari bo‘yicha komissar Nina Shalabayeva tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak uxlayotgan paytida vafot etgan.

Keyinroq Ombudsman idorasi aniqlik kiritishicha, marhum Bratskda tug‘ilgan 35 yoshli Aleksandr Koltun bo‘lgan.

Tibbiy xulosada Koltunning o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak xuruji ko‘rsatilgan. Biroq Koltunning oilasi o‘lim zo‘ravonlik sabab sodir bo‘lganini gumon qilmoqda. Oiladagilarning jurnalistlarga aytishicha, erkakning tanasida gematomalar va sinish izlari topilgan.