Ma’lum bo‘lishicha, avvallari ham bunday itlar hududda ko‘p bo‘lgan. Oxirgi vaqtlarda esa son jihatidan ko‘payib dalada yurgan chorvalarga hujum qila boshlagan. Tunda xonadonlardagi qo‘ralarni oralagan itlar qo‘y va parrandalarni nobud qilishga o‘tgan.

Chorvaning chalajon qilib ketilishi bilan bog‘liq holat 9 oktyabrda sodir bo‘lgan. Nobud bo‘lgan qo‘ylar soni esa kundan kunga ortib bormoqda.

Hujumga uchragan qo‘ylardan biri

Daydi itlar Qurbonali Bakirovning tovuq va kurkalarini yeb ketgan. 14 oktyabr kuni esa qo‘yi chalajon qilib g‘ajib tashlangan.

Qurbonali Bakirov

«Yovvoyi itlar qo‘y va tovuqlarga hujum qilyapti. Ular kundan kunga quturib borishyapti. Ularni deb tunda tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qoldik. Kecha bo‘lgan voqea: qo‘yimizni majaqlab ketishdi. Jiddiy jarohatlangan qo‘y tirik qoladimi, bu — dargumon. Qo‘limizdan kelganicha davolayapmiz.

Faqat bizning emas, qo‘ni-qo‘shnilarning ham parranda va qo‘ylarini yeb ketdi. Odatda tunda ham ishda bo‘laman. Oilam uyda bo‘ladi. Tunda qo‘ng‘iroq qilishib, hovliga bo‘ri va itlar kirgani haqida aytishyapti. Qishloqda azaldan chiyabo‘rilar bo‘lgan. Oxirgi 10 kun ichida daydi itlar ham paydo bo‘ldi. Tunda 4–5 daydi it gala bo‘lib yuribdi. Kecha ularni hovlida ko‘rib qolib, haydab chiqardim. Oxirgi hafta ichida 3 bosh qo‘yga ziyon yetdi. G‘ajib tashlangan qo‘ylarning hammasi nobud bo‘ldi», – deydi u. 

Ahrorbek Jumashevning aytishicha, itlar galasi yegulik izlab uylarning ichigacha kirib ketmoqda.

Ahrorbek Jumashev

«Bundan bir yarim yillarcha avval qishlog‘imizda gala itlar paydo bo‘la boshladi. Mahallamizda tinchlik yo‘q. Hatto hovlimizdagi makka-yu kepaklargacha yeb ketishadi. Yurib turgan tovuqni ham «urib» ketishyapti. Kerak bo‘lsa uyimizning ichigacha kirib ketadi itlar. Mana shu mahallada Ne’mat ismli qishloqdoshimning qo‘yini 4 ta it talab ketdi. Biz qo‘yni bazo‘r  qutqarib oldik. Ajratib olmaganimizda yeb bitirishgan bo‘lardi.