Karlo Anchelotti navbatdagi yutuqqa erishdi: Benzema «Oltin to‘p» bilan taqdirlangach, murabbiy qo‘l ostida ushbu sovringa erishgan futbolchilar soni 4 nafarga yetdi. Shu paytgacha hech bir italiyalik mutaxassis bunday ko‘rsatkichni qayd etmagan edi.

2004 yil – Andrey Shevchenko (Anchelotti qo‘li ostida 2001-2006, 2008-2009 yillarda o‘ynagan)
Hammasi 2000-yillarning kuchli «Milan»ida boshlandi, Anchelotti u bilan ikki marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Shevchenko «Chelsi»ga o‘tib ketishdan oldin, 2003 yilda Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi. 2004 yilda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsumda ukrainalik futbolchi 24 ta gol bilan A Seriyaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi va «Milan»ga 5 yil ichida birinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritishga yordam berdi. Sheva 2004 yil avgust oyida Italiya Superkubogida ham xet-trik qayd etgan holda g‘alaba qozongan edi.
«Oltin to‘p» uchun kurashda hujumchi Deko, Ronaldino va Anrini ortda qoldirdi.
Yaqinda «Real» Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongach, Shevchenko Anchelottini iliq tabrikladi:
«Tabriklayman, mister. Sizga o‘xshash boshqa murabbiy yo‘q! Birinchi marta – 19 yil oldin Manchesterda. Chempionlar Ligasida to‘rtta g‘alaba, siz tarixni yozdingiz».

2007 – Kaka (Anchelotti qo‘li ostida 2003-2009 yillarda o‘ynagan)
Anchelotti Kaka bilan yillar davomida birga ishladi va uni dunyo darajasidagi futbolchiga aylantirdi. Braziliyalik futbolchi 2007 yilda «Milan»ning Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishida muhim rol o‘ynadi: 10 ta gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘ldi, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. O‘sha yili «Milan» UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham g‘olib chiqdi.
«Oltin to‘p» uchun kurashda Kaka (444 ball) ishonchli tarzda Ronaldu (277) va Messidan (255) o‘zib ketdi.
2020 yilda Kaka Anchelottini faoliyatidagi eng yaxshi murabbiy deb aytdi:
«Har bir murabbiyimdan nimadir o‘rgandim. Ammo Karlo men uchun eng zo‘r edi, chunki u eng yaxshi xislatlarimni yuzaga chiqardi. Uning eng muhim qobiliyati – futbolchilarni boshqara olishi. Bu juda muhim. Albatta, u taktika va o‘yinni tushunishda ham yaxshi, lekin asosiysi – futbolchilar bilan ishlashi.


















