Trass o‘z iste’fosi haqida qirol Charlz III’ni xabardor etganini ma’lum qildi. Endi Konservativ partiya ko‘z yetakchisini va hukumatning yangi rahbarini aniqlash uchun yangi saylovlar o‘tkazishi kerak.

«Men katta iqtisodiy va xalqaro beqarorlik davrida lavozimga kirishdim. Oilalar va kompaniyalar o‘z hisoblarini qanday to‘lash haqida qayg‘urayotgan davrda», dedi Liz Trass iste’fosi haqida e’lon qilarkan.

«Putinning Ukrainadagi noqonuniy urushi butun qit’amiz xavfsizligiga tahdid solmoqda. Va bizning mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish pastligi tufayli juda uzoq vaqt to‘xtab qoldi», deya davom etadi bosh vazir.

«Men Konservativ partiya tomonidan buni o‘zgartirish vakolati bilan saylandim. Biz elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha takliflar berdik hamda milliy sug‘urta to‘lovlarini qisqartirdik. Biz Brexit tufayli olingan imtiyoz va erkinliklardan foydalanadigan past soliqli, tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘yicha o‘z konsepsiyamizni belgilab oldik», degan Trass.

«Ammo men vaziyatdan kelib chiqib tan olamanki, meni saylagan Konservativ partiya tomonidan belgilangan mandatni bajara olmayman», degan u.

Avvalroq bosh vazir o‘z soliq tashabbuslari tufayli halokatli tanqidlarga yo‘liqqan, moliya vazirini almashtirishga hamda e’lon qilingan budjet rejalarini bekor qilishga majbur bo‘lgandi.

So‘nggi haftalarda konservatorlarning mashhurligi Britaniyadagi sotsiologik tadqiqotlar tarixidagi eng quyi ko‘rsatkichlarga tushib ketdi.

Trass besh hafta muqaddam Konservativ partiya yetakchiligi va Birlashgan Qirollik bosh vazirligiga saylangandi. Endi u yangi bosh vazir nomi aniq bo‘lguniga qadar o‘z lavozimida qoladi.

Muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer zudlik bilan umummilliy saylovlar o‘tkazishni talab qildi. Bu talabga liberal-demokratlar va Shotlandiya milliy partiyasi rahbarlari ham qo‘shildi.

Liz Trass esa bir hafta ichida konservatorlar o‘zining yangi yetakchisini saylash uchun ichki saylovlar o‘tkazishini ma’lum qildi.

Hokimiyatda 45 kun

Liz Trass hokimiyat tepasida atigi 45 kun qololdi, bu Buyuk Britaniya tarixida bosh vazir o‘z iste’fosiga qadar ishlagan eng qisqa muddatdir.

Ungacha eng qisqa muddatda bosh vazirlik qilgan shaxs Jorj Kanning bo‘lib turgandi, u 1827 yilda o‘z vafotiga qadar 119 kun davomida hukumatni boshqargan.