20 oktyabr kuni Buyuk Britaniya tarixidagi uchinchi ayol bosh vazir (Margaret Tetcher va Tereza Meydan keyingi) Liz Trass 45 kunlik bosh boshqaruvdan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. Trass sobiq bosh vazir, Boris Jonson atrofida yuz bergan siyosiy mojarodan so‘ng hokimiyatga kelgan edi. Qisqa muddatli boshqaruviga qaramay, ko‘pchilik mutaxassislar uni Britaniya tarixidagi eng omadsiz bosh vazirlaridan biri deb atamoqda. Uning tezkor iste’fosiga nimalar sabab bo‘ldi?

Hokimiyatga yo‘l

Bosh vazir lavozimini egallagunga qadar nafaqat Buyuk Britaniyada, balki xorijda ham taniqli siyosatchilardan biri hisoblangan Boris Jonsondan farqli o‘laroq, Trass 2012 yildan beri yuqori davlat lavozimlarida ishlaganiga qaramay, hatto Britaniyada ham unchalik mashhur emasdi.

2022 yilgacha siyosatdan uzoq odamlar Trassning faqat 2014 yildagi partiya konferensiyasida so‘zlagan ma’ruzasini eslashi mumkin. O‘shanda u partiyadoshlariga Britaniya mamlakatda iste’mol qilinadigan pishloqning uchdan ikki qismini import qilishi kerakligi haqida xabar berib, qayg‘uli ifoda bilan shunday degandi: «This. Is. A. Disgrace (Bu. Naqadar. Sharmandalik)». Qisqa vaqt ichida bu ibora memga aylanib ketgandi.

Bo‘lajak bosh vazir xonimning siyosiy karerasi haqiqatan ham bosh aylanadigan darajada omadli bo‘lib chiqadi.

Meri Elizabet Trass talabalik chog‘ida siyosatga qiziqib, o‘zi tahsil olgan Oksford universitetining Liberal-demokratlar klubiga qo‘shiladi. Ammo o‘qish tugashi bilanoq u bugungi kunda o‘zi rahbarlik qilayotgan Konservativ partiyaga o‘tadi.

2001 yilda Oksford bitiruvchisi Shell and Cable & Wireless kompaniyasiga hisobchi bo‘lib ishga kiradi va parlament saylovlarida o‘z omadini sinab ko‘radi. Dastlab Hemsvort, keyin esa Kalder-Valli okrugidan o‘z nomzodini qo‘yadi, biroq ikkala urinish ham muvaffaqiyatsiz tugaydi. Shunday bo‘lsa-da Trass siyosiy ambitsiyalarini yo‘qotmaydi.

U siyosatga boshqacha yo‘l bilan kirishga qaror qildi: bir pog‘ona pastga tushadi va 2006 yilda Londonning Grinvich tumani kengashiga muvaffaqiyatli saylandi. Trass 2010 yilda konservatorlar yetakchisi va bosh vazir Devid Kemeron jamoasiga qo‘shiladi hamda parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Liz Trass adliya vaziri sifatida London lord-meri pasxa ziyofatiga tashrif buyurmoqda. 2016 yil 14 noyabr.
Carl Court / Getty Images

Trass hukumatda 2012 yildan beri ishlab keladi. Ushbu o‘n yillikda u ko‘plab muhim davlat lavozimlarida ishladi va hech qaysisida ko‘p vaqt qolmadi. 2016-2017 yillarda sobiq bosh vazir Tereza Mey davrida u adliya vaziriga aylandi va Buyuk Britaniya tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.