Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vazirligi lavozimini tark etgach, uning o‘rni uchun kurash avj olmoqda. Hozircha faqat Jamoatlar palatasi rahbari Penni Mordont saylovga o‘z nomzodini qo‘yishi haqida e’lon qilgan. Lekin hali jim turgan bo‘lishsa-da, sobiq bosh vazir Boris Jonson va uning hukumatida moliya vaziri lavozimida ishlagan Rishi Sunak asosiy favoritlar - ular saylovda qatnashish uchun zarur bo‘lgan kamida 100 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, shanba kunining ikkinchi yarmiga kelib yozda Konservativ partiya va bosh vazirlik uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarda Liz Trassning asosiy raqibi bo‘lgan Sunakni Jamoat palatasida torilar partiyasidan 112 nafar deputat qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Sentyabr oyi boshida bosh vazirlik lavozimini egallagan Trass ikki oy o‘tmasdan iste’foga chiqqanidan keyin yangi rahbarni saylash uchun partiya bu safar yuqori o‘tish chegarasini joriy etdi: Jamoatlar palatasida torilar fraksiyasining kamida 100 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan nomzodgina saylovda ishtirok etishi mumkin.

Konservatorlar partiyasi hozirda parlament quyi palatasida 357 mandatga ega bo‘lgani tufayli, saylovda ko‘pi bilan uch nafar nomzod ishtirok etishi mumkin.

Dominikan Respublikasida oilasi bilan ta’til o‘tkazayotgan sobiq bosh vazir Boris Jonson shanba kuni tongda Londonga uchib keldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Jonson bosh vazir uchun taqdim etilgan qo‘riqchilar bilan kelgan bo‘lsa-da, u ekonom-klassda uchgan. U qo‘nishi bilan bayonot berishga shoshilmadi.

Penni Mordontni esa, BBC hisoblariga ko‘ra, hozircha 21 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. Saylov jarayonida autsayder ekaniga qaramay, u saylovda ishtirok etish niyati haqida birinchi bo‘lib e’lon qildi va u bu borada hozircha yagona bo‘lib turibdi. U hatto partiyaning oddiy a’zolari uchun dastlabki saylovoldi rolikni namoyish etdi - saylov jarayoni so‘ngida aynan oddiy a’zolar partiya rahbari uchun ovoz berishadi.

Rishi Sunak ham o‘z uyi atrofida to‘plangan muxbirlarga hozircha hech narsa demadi. Ammo BBC manbalariga ko‘ra, u ham tez orada partiya yetakchiligi uchun nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qiladi.