Gazda ishlaydigan issiqxonalar yoppasiga gazdan uzilgach, bir nechta tadbirkorlar Kun.uz'ga muqobil energiya – ko‘mirga o‘tish qiyinligi, gazsiz xonavayron bo‘lishi haqida gapirib bergandi. Hatto bir qancha tadbirkorlar noroziligini bildirib, Vazirlar Mahkamasi oldiga yig‘ildi.

Energetika vazirligi mas’ullari agar issiqxonalarga gaz berilsa, aholiga gaz past bosimda yetib borishini ta’kidlab, ko‘mirda ishlaydigan issiqxona misolida muqobil energiyaga o‘tish qiyin emasligini tushuntirishga urinmoqda.

Issiqxonachilar nimadan norozi?

Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar atrof-muhit havosini ifloslantirishi sababli aholi noroziligini keltirib chiqaradi. Qolaversa, ancha katta hajmli, bir necha o‘nlab gektarlik issiqxonalarni ko‘mir bilan isitish texnik jihatdan imkonsizligini aytishyapti.

Boz ustiga, gazda ishlashga moslashgan qozonlarni ko‘mirda ishlaydiganiga almashtirish ham arzonga tushmaydi, ma’lum bir vaqt talab qiladi. Ular katta investitsiya bilan issiqxona qurayotganida mas’ullar tabiiy gazdan muammo bo‘lmasligini aytib ishontirishgan.

Issiqxonachilar bankdan kreditlari borligi, gazdan uzilgach, zudlik bilan issiqxonasini ko‘mir bilan isitishga o‘ta olmasligi, bunga pul ham, vaqt ham yo‘qligi – o‘simliklar o‘lib, tonnalab hosildan ayrilib qolishini, ayrimlari shu bilan bankrot bo‘lib, bu sohadan chiqib ketishi, oqibatda eksport susayishini aytishyapti.

25 oktyabr kuni Toshkent, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan tadbirkorlar Vazirlar Mahkamasi oldiga to‘planib, holatdan noroziligini bildirdi. Energetika vazirligi tadbirkorlarning murojaatlari eshitilib, tushuntirish berilganini ma’lum qildi.

Rasmiylar nima deydi?

Energetika vazirligi OAV vakillarini Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxonaga press-turga taklif etdi. Unda mas’ullar ko‘mirda ishlaydigan issiqxona nisbatan samaradorligi haqida tushuntirishga urindi.