“Va’da qilingan prezident qarori qabul qilinsa, ishlarimiz besh bo‘lib ketadi”

“Bugun gazchilar kelib issiqxonamizni qaytadan tarmoqqa ulab berishdi. Jarayon “O‘zbekiston24” telekanali tomonidan tasvirga olindi, telekanal muxbiri intervyu ham oldi. Hududdagi mas’ullar hal qilolmagan muammomizga respublika darajasida e’tibor qaratilgani, hatto davlat rahbarining o‘zi masalani nazoratiga olganidan juda xursand bo‘ldik.

Xudoga shukur, gazdan uzilgan kunlar havo harorati minusdan past bo‘lmadi, ekinlarimizni sovuq urmadi. Harorat 4-5 darajagacha tushganda ham hosilni boy berardik. Harorat 10-11 daraja issiq bo‘lib turdi. Ko‘rpa-pardalarimizni yopdik, issiqxona ichidagi harorat 14-15 daraja bo‘lib turdi.

Kecha kechqurun viloyat hokimligida, bugun issiqxonamizning o‘zida yig‘ilish bo‘ldi, barcha muammolarimizni aytdik. Hal qilishga va’da berishdi. Ishchi guruh tashkil etilib, Telegramʼda maxsus guruh ochildi. Guruhga viloyat hokimligi, “Hududgaz”, banklardan mutasaddilar kiritildi. Xullas, kayfiyatimiz juda yaxshi, nihoyat bizni eshitishganidan xursandmiz.

Yo‘qsa shuncha vaqt hududdagi mas’ullarga xudoning zorini qildik. Hosilimizni sovuq uradi, xonavayron bo‘lamiz. Ana, metan zapravkalarni uzinglar, ular hech narsa yo‘qotmaydi-ku, deb aytgandik. Hech kim inobatga olmagandi. Hukumat rahbarlaridan minnatdormiz, bizni juda og‘ir muammolardan qutqarib qoldi”, deydi Qashqadare viloyati Qarshi shahridagi 2 gektar yerga issiqxona xo‘jaligini tashkil etgan Islom Xidirov. 

“Bugundan boshlab gaz ulab berilyapti. Hozir yigitlar ishlashmoqda. Issiqxonamiz 2018 yil tashkil etilgan. Bu yil hisobidan gaz umuman berilmagandi. Yozda kun issiqligi sababli unga muhtoj bo‘lmaymiz. Lekin oktabr oyidan boshlab salqin tusha boshlagach, o‘simliklarni sovuq urmasligi uchun issiqxonani o‘zining ko‘rpalari bilan o‘rab qo‘yayotgandik.

Gazdan umuman qarzdorligimiz yo‘q. Issiqxonamizning jami maydoni 12 gektarni tashkil etadi. Shundan to‘qqiz gektariga pomidor, bir yarim gektariga shirin qalampir va shuncha joyga baqlajon ekkanmiz. Quyosh nuri yaxshi bo‘lgani sababli ular hosilga kira boshladi, jami ming tonna miqdorda hosil kutyapmiz”, deydi buxorolik tadbirkor.

“Bugun issiqxonamiz gazga ulab berildi. Faoliyatimizni 2019 yilda boshlaganmiz. Issiqxonaning maydoni olti gektar. Ayni paytda to‘liq pomidor ekkanmiz. Avvalgi yillarda gazga ulab berilgandi. Bu yil ko‘pchilik qatori bizda ham muammo bo‘layotgandi”, deydi Fortuna Trading Company MChJ rahbari.

“Bugun Prezident Administratsiyasi rahbari topshirig‘i ijrosi bo‘yicha viloyat miqyosida yig‘ilish bo‘ldi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, “Hududgaz Jizzax” AJ rahbarlari, bank xodimlari va issiqxonachilar ishtirok etdi. Yig‘ilishda bugundan kechiktirilmasdan issiqxonalar yuz foiz gazga ulanishi haqida topshiriq berildi.