11:55 / 31.10.2022
3680

Chexiya sobiq bosh vaziri Babish prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida

Babishning vorisi Petr Fiala u Yevropa Ittifoqi subsidiyalaridagi firibgarlik uchun jinoiy javobgarlikdan qochish uchun prezidentlik saylovlaridan foydalanmoqchi ekanligini aytdi.

Foto: Stefan Wermuth/Bloomberg

Chexiya sobiq bosh vaziri, mamlakat parlamenti quyi palatasi deputati, Yevropa Ittifoqi subsidiyalari bilan bog‘liq firibgarlikda ayblangan Andrey Babish 2023 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 30 oktyabr, yakshanba kuni u Facebook’da «Men Chexiya Respublikasi prezidentligiga nomzodimni qo‘yaman», deb yozdi.

O‘z navbatida, Babishning Chexiya hukumati rahbari sifatidagi vorisi Petr Fiala Twitter’da sobiq bosh vazir saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surar ekan, faqat daxlsizlikni qo‘lga kiritishga urinayotganini aytdi. Chexiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti o‘z vakolati davrida jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. 

Chexiyada prezidentlik saylovlari kelasi yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadi. Babishning prezidentlik poygasida asosiy raqibi 2015-2018 yillarda NATO harbiy qo‘mitasini boshqargan sobiq general Petr Pavel bo‘ladi. Amaldagi davlat rahbari Milosh Zeman ikki muddat prezidentlikdan keyin nomzodini qo‘yish huquqiga ega emas. Babish 2021 yil oktyabrdagi parlament saylovlarida amaldagi bosh vazir Petr Fiala boshchiligidagi o‘ng-markaziy koalitsiyaga yutqazgan populistik NFH partiyasining asoschisi va raisi hisoblanadi. 

Mart oyida Babish Yevropa Ittifoqi subsidiyalaridagi ikki million yevro bilan bog‘liq firibgarlikda ayblangan edi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi dastlab kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqi mablag‘larini Praga chekkasida «Laylak uyasi» mehmonxonasini qurish uchun ishlatgan. 2006 yilda kelajakdagi mehmonxona uchun yer Babishga tegishli bo‘lgan Agrofert xoldingi tomonidan sotib olindi. Ayblov tomoni u bu faktni yashirgan deb hisoblaydi. Mehmonxona egalari Babishlar oilasiga mansub. 

Praga prokuraturasi talabiga binoan Chexiya parlamentining quyi palatasi Babishni deputatlik daxlsizligidan mahrum qildi. Prokuror sobiq bosh vazir uchun 3 yillik sinov va 10 million krona (407 ming yevro) jarima so‘ragan. Ishni Praga shahar sudida ko‘rib chiqish sentabr oyidan beri davom etmoqda. Babish barcha ayblovlarni rad etdi va sud jarayoni siyosiy xususiyatga ega ekanligini ta’kidladi. U jinoiy ishni bo‘lajak prezidentlik saylovlari bilan bog‘ladi. 

Babish 2017 yildan 2021 yilgacha mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlagan. Moliyaviy firibgarlik mojarosi tufayli iste’foga chiqqanidan so‘ng, u o‘zining markaziy siyosiy partiyasi NFH («Norozi fuqarolar harakati») bilan birgalikda hozirgi hukumatga qarshi chiqdi. Babish, Forbes jurnaliga ko‘ra, 4 milliard dollar boyligi bilan Chexiyaning eng boy fuqarolari orasida beshinchi o‘rinni egalladi. 

Mavzuga oid
Top