O‘zbekiston | 13:19 / 31.10.2022
5097
2 daqiqa o‘qiladi

«Obuna mavsumi» boshlandi: Adliya vazirligi majburiy obunaga duch kelayotganlar uchun ishonch telefonini ma’lum qildi

Har yil kuzda O‘zbekistonda keyingi yil uchun obuna mavsumi boshlanadi. Kimlardir bu ishni to‘g‘ri targ‘ibot orqali amalga oshirsa, boshqalar budjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarni majburlab amalga oshiradi. Adliya vazirligi majburiy obunaga duch kelayotganlar vazirlikning ishonch raqamiga yoki uning viloyat, tuman va shahar bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi.

Foto: Getty Images

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarni turli bosma ommaviy axborot vositalariga (gazeta va jurnallarga) majburiy obuna bo‘lishga undash, ish haqlaridan majburiy ushlab qolish kabi holatlar kuzatilmoqda.

Jumladan, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda 2023 yil davriy nashrlarga obunani uyushtirish bo‘yicha Bulung‘ur tumani hokimligining «reja-tavsiyasi» e’lon qilindi.

Unda tuman soliq, moliya, DXA, Pensiya jamg‘armasi, G‘aznachilik, pochta, statistika, Bandlik, mahallabay ishlab chiqarish bo‘limlari, tuman hududida joylashgan bank filiallari va dehqon bozoriga «Bulung‘ur hayoti» gazetasiga nechtadan obuna bo‘lishlari aniq raqamlarda ko‘rsatib qo‘yilgan.

Telegram’dagi xos guruhlardan biriga «Reja-tavsiya»ni tashlayotgan shaxs «kechga borib ro‘yxatdagi har bir tashkilot rahbari obuna bo‘yicha hisobot berishini, shuni inobatga olib obuna rejasini bajarishi kerakligini» buyruq tarzida yozgan.

Adliya vazirligi shunday holatga duch kelayotgan xodimlar uchun vazirlikning ishonch telefoniga yoki uning viloyat, tuman va shahar bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi.

«Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq xodimlarni ularning yozma roziligisiz, jumladan shunday rozilik berishga majbur qilingan holda ish haqidan obuna, kommunal to‘lovlar va boshqalar uchun ushlab qolish qonunga zid hisoblanadi.

Agar shunday holatga duch kelsangiz Adliya vazirligining ishonch telefoniga (1008) yoki tuman (shahar) adliya bo‘limlariga murojaat qiling», deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid