O‘zbekiston | 14:06 / 01.11.2022
18912
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan fuqaro shifoxonada vafot etdi

Marhum ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilinganlar saqlanadigan maxsus qamoqxonada ruhiy holati yomonlashib yiqilgan va o‘shanda boshi bilan devorga urilgan.

Videodan kadr

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudining 2022 yil 25 oktyabrdagi qarori bilan bir yil davomida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan fuqaroga MJtKning 47-4-moddasi 1-qismi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

O‘sha kuni fuqaro ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonaga olib borilgan.

Maxsus qabulxonada fuqaro ruhiy holati yomonlashishi (tutqanog‘i tutib qolgan) natijasida yiqilib, bosh qismi xona ichidagi devor burchagiga urilib, tan jarohati olgan.

Fuqaro bilan bir xonada saqlanayotganlar, shuningdek maxsus qabulxona xodimlari unga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatgan. So‘ng fuqaro RShTYoIM Samarqand filialiga olib borilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Maxsus qabulxonaga keltirilgandan so‘ng ham fuqaro xona ichida o‘ziga-o‘zi gapirib, ruhiyatida buzilish bo‘lgani sababli, maxsus qabulxona boshlig‘i xatiga asosan uning ruhiy holatini tekshirish uchun viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan.

2022 yil 28 oktyabr kuni Urgut tumani Halqobod mahallasida joylashgan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida fuqaro vafot etgan. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda marhumning o‘limi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Mavzuga oid