Jahon | 15:31 / 02.11.2022
7276
2 daqiqa o‘qiladi

«Bilayn»ning niderlandiyalik egasi Rossiyadagi aktivlarini sotyapti

Veon xolding kompaniyasi Rossiyadagi biznesi sotilishini e’lon qildi. Rossiyada u «Bilayn» brendi ostida telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Vympelkom» kompaniyasiga egalik qiladi. 

Foto: AP

Rossiyada «Bilayn» brendi ostida faoliyat yurituvchi Rossiyaning «Vympelkom» YoAJga egalik qiluvchi Niderlandiyada joylashgan Veon telekommunikatsiya xoldingi Rossiyadagi aktivlarini sotish bo‘yicha raqobat jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Kompaniya barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, Veon, uning Rossiya bo‘linmalari, aksiyadorlari, kreditorlari, mijozlari, Rossiyadagi va undan tashqaridagi xodimlari uchun optimal natijani taqdim etish niyatida, deb ma’lum qildi Veon 2 noyabr, chorshanba kuni. 

Bayonotda aniqlik kiritilishicha, maqbul taklifni olish va sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishish kafolati bo‘lishi mumkin emas. 

Ayni paytda «Kommersant» o‘z manbalariga tayanib, Veon Rossiya aktivlarini mahalliy top-menejmentga o‘tkazish niyatida ekanligini yozdi. «Vympelkom» matbuot xizmati nashrga «kompaniya aksiyadori do‘stona yurisdiksiyadan chet el xoldingi bo‘lganligi sababli kompaniyaga ko‘plab tartibga soluvchi cheklovlar joriy etilganini» aytdi. «Vympelkom» vakilining so‘zlariga ko‘ra, natijada kompaniya o‘z raqobatchilariga nisbatan unchalik qulay pozitsiyada emas. 

Veon xolding kompaniyasi Rossiya, Ukraina va MDHning bir qator boshqa mamlakatlari, shuningdek, Osiyo va Afrikaning ayrim davlatlarida telekommunikatsiya aktivlarini nazorat qiladi. U «Bilayn» brendi ostida uyali va statsionar aloqa, simli va simsiz internetga ulanishni ta’minlaydigan Rossiyaning «Vympel-Kommunikatsii» («Vympelkom») kompaniyasining 100 foiz aksiyalariga egalik qiladi. «Vympelkom» 1992 yilda Dmitriy Zimin va boshqa tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan, 2009 yildan beri u Veon tuzilmasi tarkibiga kiradi.

Mavzuga oid