So‘rovda qatnashgan yurtdoshlarimizning fikricha, O‘zbekistonda dorixonalar ko‘pligi xalqimizda tibbiy bilimlarning biroz yetishmasligi, shuning barobarida yildan yilga yangi-yangi kasalliklar paydo bo‘layotgani, bemorlar soni va dorilarga ehtiyoj ham shu sababli ortib borayotgani bilan bog‘liq.

Ayrimlar dorixona sohasi biznesga aylanib ketgani, dorilarning narxi qimmatligi, ayrim shifokorlar dorixonalar bilan kelishuv asosida ishlashi, shu sababli bemorlarga kerak-nokerak dorilarni ham yozib beraverishini ta’kidlab, mutasaddilar ushbu muammoga yetarlicha e’tibor qaratmayotganidan nolishgan.

Ba’zi respondentlar esa atrof-muhit va ekologiya muammolari oqibatida kasalliklar ko‘payib borayotgani, talab bo‘lgani sababli dorixonalarning ham soni o‘sib borayotganini aytishgan.

Shuningdek, dorixonalarning ko‘pligini yaxshi holat deb baholaganlar ham bor. Ularga ko‘ra biror bemorga tezlikda dori kerak bo‘lganda yoxud bittasidan topilmagan dori boshqasidan topilishi sababli dorixonalarning ko‘p bo‘lgani ma’qul.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning fikricha, qayerda tibbiyot qoloq bo‘lsa, shu yerda farmakologik biznes gurkirab rivojlanadi.

“Bu yerda muammo dorixonalarda emas. Farmakologik kompaniyalarda ham emas. Bu bozor iqtisodiyoti. Gap tibbiyotda.

2-3 kun avval qo‘shni davlat fuqarosining Tibbiyot Akademiyasi yonida dorixonalar ko‘pligidan hayratga tushgani videosini ko‘rdim. 2018 yil Qozog‘iston sug‘urta tibbiyotiga o‘tdi. O‘zim yaqinda ikki oyda to‘rt-besh marta borib, bemorlarni ko‘rib keldim. U yerda sug‘urta tibbiyoti amalda va barcha davlat shifoxonalari eng zarur dorilar bilan ta’minlangan.

Sug‘urta tibbiyoti nima? Kasallik ko‘rsatilgan. Aynan standartda ko‘rsatilgan dorilarni yozish kerak. Ko‘p ham emas, kam ham emas. Agar biz sug‘urta tibbiyotiga o‘tadigan bo‘lsak va tibbiy ta’limni joyiga qo‘ysak hamda psixosomatik tibbiyotni yo‘lga qo‘ysak, o‘z-o‘zidan doriga murojaat qilayotganlar kamayadi va dorixonalar ham qisqaradi. So‘ngra ularga ketayotgan mablag‘ choyxonalarga, kutubxonalarga va boshqa maishiy sohalarga yo‘naltiriladi.