Suv va salqin ichimliklarning guruhlarga bo‘linishini nazarda tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 1 noyabrdagi “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 631-son qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddati va mahsulot turlari guruhlar bo‘yicha belgilandi:

  • birinchi guruh – achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan meva sharbatlari (uzum shirasi mustasno) va sabzavot sharbatlari, shuningdek, gazlangan hamda gazlanmagan suv va ichimliklar – 2023 yil 1 iyuldan boshlab;
  • ikkinchi guruh – metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklar – 2024 yil 1 avgustdan boshlab.

Qaror bilan:

  • raqamli markirovkalanadigan suv va salqin ichimliklarning identifikatsiya kodlari ro‘yxati;
  • ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafiklari;
  • suv va salqin ichimliklarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Shuningdek, raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan boshlab:

  • operator tomonidan majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida taqdim etilishi;
  • O‘zbekiston Respublikasida PET qadoqlarida yarim (0,5) litr va undan oshmagan holda ishlab chiqarilgan gazlanmagan suvlarni majburiy raqamli markirovkalashda identifikatsiya vositalarini shakllantirish maqsadida raqamli markirovka kodlari operator tomonidan bepul taqdim etilishi;
  • 2023 yil 1 iyuldan e’tiboran tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni import qiluvchilar zimmasiga bojxona yuk deklaratsiyasida import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha agregatsiyalangan import kodini aks ettirish majburiyati yuklanishi belgilandi.