2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshladi. Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirganini urush emas, «Ukraina xalqini mamlakatni egallab olgan millatchilardan qutqarish uchun boshlangan maxsus operatsiya» deb atadi. Urush boshlanganiga 8 oy bo‘lgan esa-da, Rossiyada bu urush hanuz maxsus operatsiya deb atalmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, Chor Rossiya imperiyasi vorisi sifatida tashkil etilgan SSSR ham bir necha bosqinchilik urushlarini mohiyatan boshqacha atab, barchani chalg‘itishga uringanini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Rossiya 2008 yil avgustida Gruziyaga bostirib kirganini «Vatandoshlar himoyasi uchun» deb talqin qilgan edi.

1939 yilda SSSRning Polshaga bostirib kirishi (1939 yil 17 sentabr)

Brestda sovet tanklari va nemis motoo‘qchilari, 1939 yil 1 oktyabr. Foto: Getty

1939 yil 23 avgustda Moskva shahrida natsistlar Germaniyasi va sovet ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Bu shartnoma har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Ioaxim fon Ribbentrop tomonidan imzolangani uchun u «Molotov-Ribbentrop pakti» deb nomlanadi.

Molotov va Ribbentropning shu uchrashuvida fashistlar Germaniyasi va SSSR tomonidan Sharqiy Yevropa davlatlarini birgalikda bosib olib, o‘zaro taqsimlash masalalari ham yashirincha kelishib olinadi.

Kelishuvga ko‘ra, SSSR Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan Latviya, Litva, Estoniyani to‘liq, Finlandiya, Polsha, Chexoslovakiya va Ruminiyaning bir qismini olishi, qolgan hududlarga Germaniya egalik qilishi kerak edi.

Sovet ittifoqi fashistlar Germaniyasi bilan tuzilgan bu kelishuv tafsilotlarini uzoq yillar davomida barchadan yashirib keladi. SSSR parchalanib ketgach, kelishuvning asli ommaga oshkor bo‘ladi.

Shartnoma imzolanganidan 1 hafta o‘tib, 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya armiyasi Polshaga bostirib kiradi va bu davlatning asosiy qismini bosib oladi. Oradan 17 kun o‘tib, 1939 yil 17 sentabr kuni Polshaga sharqdan sovet armiyasi hujum boshlaydi.

1939 yil 28 sentabr kuni natsistlar armiyasi Varshavani egallaydi. Shu kuni Moskvada SSSR va Germaniya o‘rtasidagi chegara va do‘stlik shartnomasi imzolanadi. Shartnomada tomonlar Polshani qanday tarzda bo‘lib olishni kelishib olishadi. 6 oktyabr kuni Polsha armiyasi batamom taslim bo‘ladi.