Ijtimoiy tarmoqlarga niqob taqqan ikki nafar shaxsning Navoiy viloyati hokimiyat binosi oldida quroldan o‘q uzganligi aks etgan videolar tarqaldi. Tartibbuzarlar 7 noyabr kuni qo‘lga olingan.

“Zo‘rTV” telekanali tomonidan efirga uzatilgan lavhada video aslida joriy yilning avgust oyida tasvirga olingani, 7 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgani ta’kidlanadi.
“Maqsad yomon emas edi. Shunchaki qiziqib, ko‘rgan videolarimizga taqlid qilib shunday qildik”, – deydi video qahramonlaridan biri.
Yigitlar yuzlarini yashirish maqsadida ikki kun davomida maxsus niqob tikishganini tan olishdi.
“Niqobni o‘zimiz tikdik. Yomon oqibatlarga olib kelishini o‘ylamagandik. Niqob taqsak bizni topa olishmaydi deb o‘ylagandim. Lekin bu bir kunga ham bormadi. Bu qilgan ishim uchun afsusdaman”, deydi ular.
Qonunbuzarlarning ikki kunlik urinishini ichki ishlar organlarining ikki soatlik chippakka chiqargan. Navoiy shahar ichki ishlar jinoyat qidiruv bo‘limi hamda profilaktika inspektorlari hamkorligida jamoat tartibini buzgan shaxslar zudlik bilan qo‘lga olingan.
Surishtiruvlar davomida huquqbuzarlik sodir etganlardan biri maktab o‘quvchisi ekani aniqlangan. Shuningdek, qo‘lga olish chog‘ida tartibbuzarlardan ashyoviy dalil sifatida olingan to‘pponcha o‘yinchoq bo‘lib chiqqan.

“Holat yuzasidan ushbu shaxslarning ota-onalari va ulardan biri o‘qiydigan maktabning ma’muriyati chaqirtirildi. Hozir tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Videoda ular tomonidan foydalangan to‘pponcha ko‘zdan kechirilganda u o‘yinchoq ekani aniqlandi”, deydi Navoiy shahar IIB inspektor-psixologi Sarvinoz Narzullayeva.















