Rossiya qo‘shini Xersondan chekinadi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu shunday buyruq berdi. U Xerson oblastida Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi harbiy texnika va shaxsiy tarkibni olib ketishni buyurdi. Xerson aynan o‘ng sohilda joylashgan. «Qo‘shinlarni olib chiqishga kirishing hamda texnikalar, qurollar va shaxsiy tarkibni Dnepr daryosining bu sohiliga xavfsiz o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘ring», — deydi Shoygu.

Shoygu Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni, general Sergey Surovikinning taklifiga rozilik bildirgan holda chekinishga buyruq berdi. 9 noyabr kuni generalning Shoyguga hisoboti Rossiya televideniyesi jonli efirida translatsiya qilindi. Surovikin hozirgi vaziyatda Xersonni to‘laqonli ta’minlash imkonsizligi va Dneprning chap sohili bo‘ylab mudofaa chizig‘i tashkil etish maqsadga muvofiq ekanini aytdi.

Surovikin daryoning o‘ng sohilidan chap sohiliga chekinish askarlar hayotini ham saqlab qolishiga urg‘u qaratdi. «Buning juda qiyin qaror ekanini tushunaman. Shu bilan birga, biz, eng muhimi, harbiylarimizning hayoti va qo‘shinlar guruhining umumiy jangovar qobiliyatini saqlab qolamiz. Bundan tashqari, kuch va vositalarning bir qismi operatsiya zonasining boshqa yo‘nalishlaridagi faol harakatlar, shu jumladan hujumkor harakatlar uchun ozod qilinadi», dedi u.

Shoygu uning fikriga qo‘shildi. «Biz uchun rossiyalik harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘i doimo birinchi o‘rinda turadi. Biz tinch aholi uchun yuzaga kelgan tahdidlarni ham hisobga olishimiz kerak», degan Shoygu.

Rossiya qo‘shinlari Dneprning chap sohiliga o‘tgan taqdirda, butun Mikolayiv oblasti yana Ukraina nazoratiga qaytadi. Hozirgacha rossiyaliklar ushbu oblastning 4 foizi yoki ming kvadrat kilometr atrofidagi hududni nazoratida saqlab qolayotgandi. Mikolayiv oblasti rahbari Vitaliy Kim bu xabarlardan keyin shunday dedi: «Agar ruslar nimadir deyayotgan bo‘lsa, demak aksini qilishadi!» Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham RF qurolli kuchlarining real harakatlarini kutishga chaqirdi. «Ukraina bayrog‘i Xerson ustida hilpiramas ekan, RF chekinayotgani haqida gapirishdan ma’no yo‘q. Biz Rossiya Xersondan jangsiz chiqib ketishiga ishora qiladigan hech qanday nishona ko‘rmayapmiz. Hududda juda ko‘p rus qo‘shinlari bo‘lib turibdi, qo‘shimcha zaxiralar yuborilmoqda. Ukraina hududni tashkillashtirilgan telebayonotlarga emas, o‘z razvedka ma’lumotlariga tayangan holda ozod qiladi», deb yozdi Podolyak.