Oila — kishan emas, hayotiy zarurat, orzularga yetishdagi qo‘sh qanot ekanini anglagan inson hayotda haqiqiy baxtni his etib yashaydi. Juftini tushungan turmush o‘rtoq ayol kishi uchun ham, er kishi uchun ham saodat kalitidir.

Er-xotin bir-birining shaxs sifatida rivojlanishiga ko‘maklashar ekan, aslida o‘zi, bolalarining baxtli kelajagini ta’minlashga zamin yaratayotgan bo‘ladi.

«Hayotiy hikoyalar» ruknimizning bugungi qahramoni Sitora ham turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zini shaxs sifatida rivojlantirayotgan ayollardan. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmay turib sakkiz yil davomida dars bergani, qo‘lida farzandi bilan o‘qishga qanday kirgani haqidagi kechmishlarini qahramonimizning tilidan tinglaymiz.

* * *

«Oilamizda hamma sportchi: ikki akam, opam, singillarim. Faqat men sportga qiziqmadim. Bolaligimdan hamma xola-xola o‘ynasa, men o‘qituvchi bo‘laman, daftarlaringizni tekshiraman, der ekanman dugonalarimga.

Dam olish kunlari bir varaqqa hech kim bezovta qilmasin, deb yozib xonamning eshigiga yopishtirib qo‘yar ekanman-da, eshikni yopib qo‘yarkanman. Onam asta ochib qarasalar, dars qilib o‘tirgan bo‘larkanman. Yana bir qarasalar — kitoblarimga bosh qo‘yib uxlab qolgan bo‘larkanman.

Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarim ham diktantlarni ustozlarim menga ishonishardi. Sinfdoshlarimdan o‘zim diktant olardim. Bundan ham faxr, ham quvonch hissini tuyardim. O‘qishni qizil shahodatnoma bilan tamomlab, pedagogika kollejiga o‘qishga kirdim.

Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida o‘qirdim. Ikkinchi kursligimda yaxshi o‘qiganim uchun 15 ming stipendiya olganim ham esimda. Stipendiya olganimni eslayman, lekin u kollejning a’lochi o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun ichki stipendiyasimidi yoki viloyatimizda shunday qilinganmi, eslolmayman. Paxtaga chiqqan, jamoat ishlarida faol bo‘lgan kursdoshlarimiz ham stipendiya olishardi.

Moddiy rag‘bat ham o‘zimning qiziqishim sababmi, xullas kollejda ham a’lo baholarga o‘qidim. Ikkinchi marta ham o‘qishni qizil diplom bilan tamomladim. Katta qilib imtiyozli deb yozib qo‘yilgan alvon rangli diplomimni olganimdagi ichimga sig‘magan quvonch hissi hamon esimda.

Amalda hech qanday imtiyoz bermasa ham ko‘pchilikning ichida bir nechtagina qizil diplom olgan o‘quvchilar qatorida bo‘lish boshqacha-da.

O‘sha yili universitetga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim. Ikkala singlim ham gepatit bo‘lib qolgan, onam ularning parvarishi bilan band. Otam va akalarimning ishlari ham yurishmay turgan vaqt edi.