8-9 noyabr kunlari Toshkent tibbiyot akademiyasi va INVIVO klinikasida Cochlear (Koxler) kompaniyasi bilan hamkorlikda “Koxlear implantatsiya va operatsiyadan keyingi reabilitatsiya” mavzusidagi xalqaro ilmiy va hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman qulog‘iga implant o‘rnatilgan va hozirgi kunda ijtimoiy hayotga to‘liq moslashgan bolalar ishtirokidagi sahna chiqishlari bilan ochib berildi. Unda bolalar reabilitatsiya markazida o‘rgangan mahorat va imkoniyatlarini namoyish qildi.
Anjuman davlat budjetidan tibbiyot muassasalarida 5 yoshgacha bo‘lgan kar bolalar qulog‘iga koxlear implant o‘rnatish to‘g‘risidagi nizom asosida bajarilgan amaliyotlar hisobotiga bag‘ishlandi.
“Mazkur anjuman mahalliy shifokor va mutaxassislar bilan tajriba va bilim almashish imkonini beradi. O‘zbekistonga 12 kishidan iborat Cochlear kompaniyasi jamoasi keldi, ular dunyoning turli burchaklaridan: Chexiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Litva, Ukrainadan”, – deydi anjuman tashkilotchisi – INVIVO klinikasi rahbari, jarroh Zebo Karimova.

Cochlear delegatsiyasidan, jumladan, quyidagilar o‘rin olgan:
- Baxshinyan Vigen Vladimirovich – tibbiyot fanlari nomzodi, Rossiya SSV Malaka oshirish instituti Surdologiya kafedrasi dotsenti;
- Georgiy Abelovich Tavartkiladze – tibbiyot fanlari doktori, professor; Rossiya SSV Malaka oshirish instituti audiologiya kafedrasi mudiri;
- Gidrius Gilis – tibbiyot fanlari nomzodi, Litvaning Kaunas klinik shifoxonasining otoxirurgi;
- Dmitriy Zaika – Soshlear kompaniyasining klinik va texnik maslahatchisi;
- Jiri Skrivan – Chexiyada joylashgan Motol klinik shifoxonasining otoxirurgi;
- Svetlana Zaika – o‘qituvchi-defektolog, 1-toifali surdopedagog.
Zebo Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, ma’ruzalarni eshitish va treninglarda qatnashish uchun qo‘shni mamlakatlardan ham shifokorlar, surdopedagoglar kelgan. Suhbatdoshimiz anjumanning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
— Hozirgi kunda karlik muammosi tibbiyotda va ijtimoiy hayotda dolzarb muammoligicha qolyapti.
JST statistikasi bo‘yicha har 1000 nafar boladan 1-2 nafari karlik nuqsoni bilan tug‘iladi. Dunyo aholisining 5 foizdan ortig‘i – 360 mln kishi (328 mln kattalar va 32 mln bolalar) eshitish qobiliyatini yo‘qotishdan aziyat chekmoqda. Butunjahon karlar federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qariyb 72 mln karlar bor.

















