Uning aytishicha, bosh rejaga o‘tishdan oldin poytaxtdagi mavjud muammolarni hal qilish zarur.

Toshkent bosh rejasi – «tepa»dan tushib qolgan buyruqdek

Muammo ko‘p… Masalan, odamlar ko‘p vafot etayotgani, ekologiya juda yomon ahvolga kelib qolgani, ayniqsa «tig‘iz vaqt»larda avtomobil oynasini tushirsangiz, juda zaharli havodan nafas olasiz. Katta yuk mashinalari ortidan ham shunday zaharli gazlar chiqadi, lekin bu narsalar birovni qiziqtirmaydi. Agar shahar to‘g‘ri qurilgan bo‘lsa, odamlarning kasallikka chalinishi ham juda kam bo‘ladi, buning ortidan ekofauna ham rivojlanadi. Shahrimiz faqat avtomobilga moslab qurilgani yoki daraxtlarni bemalol hech qanday qarshiliklarsiz kesib tashlashayotgani, shaharda odamlarning qadri yo‘qligi, birinchi o‘ringa shaxsiy transport qo‘yilgani oqibatida shu muammolar yuzaga kelyapti.

Shahar bosh rejasi insonlar uchun qilinadigan loyiha hisoblanadi. Chunki undan odamlar farovon yashashi maqsad qilinadi. Hozir ishlab chiqilayotgan bosh reja bilan uncha tanish emasman, men ham yangiliklar orqali boxabar bo‘ldim.

Tushunishimcha, bosh rejani ishlab chiqish uchun kam vaqt berilgan, jamoatchilik fikri yetarli darajada o‘rganilmagan, «genplan»ni hech qanday tanlovlarsiz shaharsoz, iqtisodchi, ekologlardan iborat jamoa bilan emas, balki shunchaki tepadan tushib qolgan buyruqdek tuzishyapti. Chunki ayni vaqt «eski Toshkent»ni oladigan bo‘lsak, u yerda turgan muammolar yechimini topmay turib, shu loyihani amalga oshirayotgandek taassurot uyg‘otishmoqda.

Misol uchun, bir tomonimizni suv bosayotgan bo‘lsa, yana bir tomonimizda chang ko‘tarilib, 500 metrdan uzoqni ko‘rolmaydigan tuman paydo bo‘lyapti. Shuningdek, yiliga 2 mingga yaqin odamlar o‘lib ketishmoqda. Umuman O‘zbekiston miqyosida ham deyarli «genplan» yo‘qligi, ekologiya buzilishi oqibatida ko‘pchilik uyini tark etib, Toshkentga intilishga majbur bo‘lishyapti. Oqibatda esa poytaxtda ham muammolar yechilmayotgani, kelayotgan xavflar hisobiga hali oldinda boshkentning o‘zida ham ekologik migrantlar ko‘payishi hech gap emas.

Hozir Toshkentning o‘zidagi muammolarini yechish, menimcha to‘g‘ri bo‘lar edi. Biz esa bu muammolarni unutgan holda chetga chiqayotganga o‘xshayapmiz.

Poytaxtda rasman 3 mlnga yaqin aholi qayd etilgan bo‘lsa, bu hududda yetarlicha keng joylar bor. Shu sababli hali hudud jihatdan kengayishga vaqtli edi, deb o‘ylayman. Chunki ko‘riladigan ko‘plab masalalar, qayta ishlab chiqiladigan infratuzilmalar mavjud. Qurilish ishlarimizning sifati hali yaxshi emas, bu ketishda kengayadigan joylarimizni ham abgor ahvolga solishimiz mumkin.