O‘zbekiston | 18:31 / 16.11.2022
17227
10 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda biznesingiz muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz» - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

16 noyabr kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlatimiz rahbari huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, «Suez», «Calik Holding», «Cengiz Enerji», «Halyk Bank», «VEON Group», «TBC Bank», Abu-Dabi taraqqiyot fondi, «ACWA Power», «Zeppelin International AG», «EDF», «AME International», «CNH Industrial», «Youngone Corporation», «Procter & Gamble», «Mitsui», «Sojitz Generation DMCC», «KIA Motors», «General Electric», «John Deere», «Silverleafe», «Knauf», «White&Case» kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar – Jahon banki, Xalqaro moliyaviy korporatsiya, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.

Prezident o‘z chiqishida bugungi kunda jahonda jiddiy global o‘zgarishlar yuz berayotgani, dunyo hamjamiyati pandemiyadan xalos bo‘lishga ulgurmay, yangi qiyinchilik va sinovlarga duch kelayotganini, turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar tobora kuchayib borayotgani, bunday og‘ir va murakkab sharoitda o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan yaqin hamkorlikning ahamiyati har tomonlama ortib borayotganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, so‘nggi 5 yilda mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.

«Biz 10 yil davomida yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi ko‘rsatkichdan ikki barobar oshirishni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun bizda xohish-iroda ham, imkoniyat ham yetarli», deya qayd etdi u.

Bu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilgan.

«Ushbu investitsiyalarni, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yo‘naltirish uchun aniq loyiha va dasturlarimiz bor. Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi davlat tasarrufidagi an’anaviy sohalarga ham xususiy investitsiyalarni jalb etish kun tartibimizda turadi», degan prezident.

«Biz xorijiy investorlarni o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirishga chaqiramiz. Sizlarni ishontirib aytamanki, Yangi O‘zbekistonda investorlar o‘zini erkin his etishi, ertangi kunga katta ishonch bilan qarab barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz. Aynan shuning uchun bizga yaqin do‘st, xayrixoh bo‘lgan eng ishonchli investorlar ishtirokida yangi Kengashni tashkil etmoqdamiz. Sizlar bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli investitsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishimizga aminman», deydi davlat rahbari.

Prezident O‘zbekiston tomoni Kengash doirasida rivojlantirmoqchi bo‘lgan bir qator sohalarga qisqacha to‘xtalib o‘tgan.

«Biz qonun ustuvorligini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh tamoyillaridan biri etib belgiladik. Keyingi yillarda yurtimizda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish borasida misli ko‘rilmagan choralar hayotga joriy etildi. Bundan buyon fuqaro va tadbirkorlarga mulk huquqini so‘zsiz ta’minlash va himoya qilish shaffof va adolatli sud-huquq tizimi tomonidan kafolatlanadi», degan prezident.

Davlat rahbari O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy amaliyot va tajribani joriy etish maqsadida Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil qilishni taklif etgan.

«Biz bank-moliya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz. Gap mazkur sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xorijiy banklarni O‘zbekistonga faol jalb etish, samarali fond bozorini shakllantirish haqida bormoqda», degan prezident va O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlarning bank-moliya sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari uchun ochiq ekanini ta’kidlagan.

«Iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qoladi», deya qayd etgan Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 1 ming 200 ta davlat korxonasi xususiylashtirilgani eslatib o‘tilgan. Kelgusi yilning o‘zida yana mingga yaqin korxona va ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga faol tatbiq etilmoqda. Qisqa muddatda mazkur yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishilgan. Birgina energetika sohasida O‘zbekiston, ushbu mexanizmlardan foydalangan holda, 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ni jalb etgan. Prezident Kengash a’zolarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga taklif qilgan.

«O‘zbekistonning boy tabiiy resurslarini o‘zlashtirishda katta imkoniyatlar mavjud. Xabaringiz bor, mamlakatimiz oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni, mis bo‘yicha – 7-o‘rin, volfram bo‘yicha – 8-o‘rin, kumush bo‘yicha – 9-o‘rin, uran bo‘yicha – 12-o‘rinni egallaydi.

Foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish sohasiga yirik investitsiyalarni jalb etish maqsadida geologik ma’lumotlarni ochiq e’lon qildik. 10 dan ortiq turdagi strategik foydali qazilmalarni o‘zlashtirish uchun soliq stavkalarini pasaytirdik, yer solig‘ini bekor qildik, maxsus texnikalarni bojxona to‘lovlaridan ozod etdik», degan prezident.

O‘zbekiston xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha aniq loyihalarni tayyorlagani ta’kidlangan.

«Birgina misol. O‘zbekistonda yiliga 150 ming tonna mis qazib olinadi va uning atigi 70 ming tonnasi qayta ishlanadi. Yaqin yillarda mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazamiz. Shu munosabat bilan mis klasterini barpo etishga kirishdik. Uning hududida mis folgasi, elektrodvigatellar, quyosh panellari, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshira boshladik. Bundan tashqari, elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘iga asos solish niyatidamiz», degan prezident va investorlarni ushbu yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik qilishga da’vat etgan.

O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasiga investitsiyalarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani hamda O‘zbekiston «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish jarayonida faol qatnashayotgani qayd etilgan.

«Xorijiy investorlar bilan ishlashni quyidagi tartibda tashkil etish zarur, deb hisoblayman. 

Qayd etilgan har bir ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi. Ushbu ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritadi hamda chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Xususan, investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni «yagona oyna» tamoyili asosida ko‘rsatadi», degan O‘zbekiston rahbari.

Majlisda so‘zga chiqqan Kengash a’zolari keyingi yillarda Yangi O‘zbekistondagi islohotlar dasturining yuksak muvaffaqiyatlarini, ular natijasida biznes bilan shug‘ullanish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilganini qayd etdilar. Investorlarning faoliyatiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilayotgani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik, bundan buyon ham o‘zaro manfaatli sheriklik qilishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston prezidenti xorijiy investorlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bugungi majlisda bildirilgan takliflar asosida aniq muddat va ijrochilarni ko‘rsatgan holda «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yangi ishchi guruhning faoliyatini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov muvofiqlashtirib boradi. U boshqa barcha masalalardan ozod qilinib, bor e’tiborini faqat investorlar bilan ishlashga qaratadi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Xo‘jayev, J.Qo‘chqorov, J.Mirzamahmudov o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kelib tushadigan murojaatlarni ijobiy hal etishni ta’minlaydi.

«Ishchi guruhi Kengash kotibiyati bilan birga, xorijiy investorlar takliflari asosida, aniq loyihalar, ularni amalga oshirish uchun qonunchilikni takomillashtirish, muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilangan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishi lozim», degan prezident.

«O‘zbekistonda biznesingiz muvaffaqiyatli bo‘lishi, mamlakatimizda o‘zingizni ishonchli, erkin va qulay his etishingiz uchun barcha choralarni ko‘ramiz», deya investorlarga yuzlangan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid