Pavlovka Donetskdan janubi-g‘arbda joylashgan. Bu maydoni jihatidan anchagina katta, ammo, Ukraina o‘lchovlari bo‘yicha aholi soni ko‘p bo‘lmagan (urushga qadar taxminan 2,5 ming kishi yashagan) qishloq bo‘lib, Vugledarga deyarli qo‘shni bo‘lib, nazariy jihatdan Rossiya qo‘shinlarining Donbassdagi yurishlari uchun platsdarmga aylanishi mumkin.

«Pavlovka va Vugledar ustidan nazorat o‘rnatilishi bizning qo‘shinlarga raqibning Avdeyevkadagi guruhi ortiga chiqish imkonini beradi, bu pozitsiyani ro‘paradan hujum qilish juda qiyin», deya hisoblaydi rossiyaliklarning militar portali topwar.ru.

Rossiya harbiy muxbirlari bir hafta oldin Pavlovka egallangani haqida xabar berishgandi va RF armiyasi posyolkani egallash uchun qilingan hujumlar davomida katta yo‘qotishlar berganini tasdiqlashgandi.

«Yurishlarda bevosita ishtirok etganlarning so‘zlariga ko‘ra, yo‘qotishlar mudofaa vazirligi tomondan yangragan 1 yoki 7 foizdan ko‘proq. Tanklar haqida ham aytishim mumkin, ammo agar yana bir kun sukut saqlasam, gapiradigan boshqa narsa qolmaydi», deya yozgan harbiy muxbir Aleksey Sukonkin.

Qishloq egallangani haqidagi rasmiy bayonotdan keyin «DXR» dala qo‘mondoni Aleksandr Xodakovskiy ogohlantirdi: «Raqib Pavlovkada aviatsiyadan foydalanmoqda - qurbonlar bor. Agar biz oldinroqqa yurmasak, Pavlovka qopqonga aylanadi».

«Biz brigada komandirlari bilan bu rejani amalga oshirishning iloji yo‘q degan xulosaga kelgandik: yangi kelganlar o‘qitilmagandi, boyekomplekt (snaryad va patronlar) qanchalik tejalmasin, faqat birinchi hujum to‘lqini uchun yetardi... Ammo topshiriqni bajarishi kerak bo‘lgan brigada komandirlari yuqoridagilarga murojaat qila olmadi - yuqoridagilarga qanday qilib bo‘lmasin natija kerak edi», deya xotirlaydi u.

Katta bo‘lmagan posyolkani qanday qilib bo‘lmasin egallash uchun bunday qat’iy urinishlar Rossiya qo‘mondonligi ushbu yo‘nalishga katta ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi. Buning bir necha sabablari bo‘lishi mumkin. Moskva Dneprning o‘ng sohili tashlab chiqilganidan keyin «hab dorini shirinlashtirmoqchi» bo‘layotgani haqida fikrlar ham bor - ammo bunday versiyaga jiddiy qarab bo‘lmaydi, buni Ukraina bilan urushning ashaddiy tarafdorlari ham yutuq sifatida qabul qilmaydi. Xerson va Pavlovkani taqqoslash noo‘rin.

Aftidan, Pavlovkaga bunday qaysarlik bilan yopishib olishning bir qancha sabablari bor, jumladan: Ukraina qurolli kuchlarini Donetskdan uzoqlashtirish; Ukraina qurolli kuchlarini Zaporijjyadagi guruhni ta’minlashda foydalaniladigan temiryo‘ldan uzoqlashtirish; hech bo‘lmaganda ayrim yo‘nalishlarda tashabbusni saqlab qolish.