O‘zbekiston | 12:00 / 18.11.2022
17318
4 daqiqa o‘qiladi

Senatda tok muammosi ko‘tarildi: davlat dasturida elektr energiyasiga oid band bajarilmagani ma’lum bo‘ldi  

2022 yilgi davlat dasturidagi energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga oid band bajarilmagani ma’lum bo‘ldi. Senatorlar Energetika vazirligidan aholi toksizlikdan qiynalayotgani va bu borada nimalar qilinayotgani haqida so‘radi. Ma’lum qilinishicha, elektr energiyasi va tabiiy gazga oid qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.  

18 noyabr kuni Senatning 35-yalpi majlisida senator Mahmud Parpiyev Energetika vazirligiga odamlarni qiynayotgan tok muammosi haqida savol qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilgi davlat dasturidagi energetika sohasida barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat berish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy etish vazifasi bajarilmagan. 

“Joylarda hududlarda bo‘lganimizda ochiq tan olishimiz kerak, sovuq tushishi  bilan energetikada ta’minot yetarli emasligi, soatlab tok o‘chishlari, gaz yetishmovchiligi aholida norozilik tug‘diryapti. Gaz quyish shoxobchalarida navbatlar juda uzun. Bunga ko‘z yummasligimiz kerak, o‘tgan 9 oyda minglab ish o‘rni yaratdik, Respublikamizdagi tadbirkorlik sub’yektlarining ishi 90 foiz (holatda) elektr energiyasiga taalluqli. Agar energiya yetarli bo‘lmasa tadbirkorlar faoliyatiga to‘siqlar yuzaga keladi”, – dedi senator.  

U 73-banddagi va 74-banddagi energetika tizimida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish vazifasi ham qo‘yilganini qo‘shimcha qilib, Energetika vazirligi vakilidan yuzaga kelgan holat bo‘yicha nimalar qilinayotganini so‘radi. 

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev savolga javoban OTB va Jahon banki ishtirokida 20dan ortiq xorijiy ekspert va nufuzli konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonning energetika sohasiga oid qonunlari yangi tahrirda ishlab chiqilayotganini aytdi. 

“Bular O‘zbekiston elektr energetikasi to‘g‘risidagi qonun va tabiiy gaz to‘g‘risidagi qonunlardir. Bundan tashqari, prezidentning elektr energiyasi sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichlari to‘g‘risidagi farmoni loyihasi Prezident Administratsiyasiga kiritildi. Ushbu hujjat ham elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasida raqobatli bozorni shakllantirish, ushbu bozorga o‘tish bosqichlarini belgilash, narxlarni erkin shakllantirish va xususiy investitsiyalarni kengroq jalb etish bo‘yicha barcha choralarni nazarda tutdi. Raqobatli bozorlarni yaratish borasidagi umumiy konsepsiya doirasida ham energetika bozorini yaratish va tartibga solish me’yorlari ko‘rib chiqilmoqda”, – dedi vazir o‘rinbosari. 

Shuningdek, u eski texnologiyalarga asoslangan IYeSlarni foydalanishdan chiqarish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha 6ta loyiha amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi. 

Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasi muammolariga bag‘ishlangan 16 noyabrdagi matbuot anjumanida Sherzod Xo‘jayev energetika ta’minotidagi kunlik talab va taklif o‘rtasida 15 mln kVt/soat salbiy tafovut borligini aytgandi

Shuningdek, u elektr toki yetkazib berishdagi muammolar yoqilg‘i, ya’ni gaz yetishmovchiligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Vazir o‘rinbosari yopiq qaror bilan Sanoat energetika guruhiga gaz eksporti bo‘yicha berilgan eksklyuziv huquqlarga oid savolga izoh bera olmadi. U matbuot anjumanida ushbu kompaniyaga neft va gaz konlari tekinga berib yuborilganini esa inkor etmadi.

Avvalroq, O‘zbekistonda blekaut xavfi yuzaga kelgani, shu sababli Energetika vazirligi tok yetkazib berishda cheklovlar kiritgani ma’lum qilingandi.

Vazirlik cheklovlarga oid jurnalistlarning savollariga ham javob berdi.

Mavzuga oid