So‘nggi turgacha chempionlik uchun kurash olib borib, yakunda 2-o‘rinni egallagan «Navbahor» jamoasi tomoshabinlar mehri bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. «Lochinlar»ning 1-davradagi har bir uy uchrashuvida o‘rtacha 14 966 nafar muxlis yig‘ilgan bo‘lsa, butun mavsum bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich – 14 204 tomoshabinni tashkil etdi. Bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Foto: Tribuna.uz

Superliga joriy mavsumidagi rekord ham aynan namanganlik muxlislarga tegishli. «Navbahor»ning «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinida (2:1) Namanganda rekord – 26 231 nafar tomoshabin to‘plangan. Bu natija yaqin orada yangilanishiga ishonish qiyin.

Tomoshabinlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rindan kutilganidek «Nasaf» joy olgan. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarining Qarshidagi uy o‘yinlarga 1-davrada o‘rtacha 7 553 nafardan tomoshabin tashrif buyurgan bo‘lsa, mavsum davomida o‘rtacha ko‘rsatkich 6 230 nafar tomoshabinni tashkil etgan.

Bu yil Qashqadaryodagi eng ko‘p tomoshabin yig‘ilgan bahs 7 may kungi «Nasaf» - «Paxtakor» to‘qnashuvi bo‘ldi. Nursiz durang (0:0) bilan yakunlangan uchrashuvni 15 500 muxlis kuzatib borgan. Bu Qarshidagi joriy mavsumgi rekord.

Mavsum davomida uch front – Superliga, O‘zbekiston kubogi va OFK kubogida kurash olib borib, yakunda sovrinsiz qolgan «So‘g‘diyona»ning Jizzaxdagi har bir bahsiga 1-davrada o‘rtacha 4 143 nafardan tomoshabin kelgan, ikkinchi davrada esa bu borada ham pasayish kuzatilib, yillik o‘rtacha tashrif 3 823 nafar tomoshabinni tashkil etgan. Shunga qaramay, jizzaxlik muxlislar tashrif borasida 1-davradagi 5-o‘rindan, 2-davrada 3-o‘ringa ko‘tarilgan.

Kuchli beshlikni «Metallurg» va «Dinamo» yopib bergan. Bekobod va Samarqand klublarining uy stadionlarida to‘plangan tomoshabinlar soni deyarli teng. Birinchi davrada tashrif borasida 6-o‘rinda bo‘lgan «Metallurg» muxlislar borasida o‘sishga erishmagan, ammo pasayish nisbatan kamroq bo‘lgani evaziga 4-o‘ringa ko‘tarilgan. Bu mavsum muxlislarini yana ranjitib, Pro ligaga ravona bo‘lgan «Dinamo» esa tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha beshlikdan joy oldi. 1-davrada «dinamochilar»ning Samarqanddagi har bir bahsiga o‘rtacha 4 155 nafardan ishqiboz yig‘ilgan, mavsumdagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 3 618 nafar tomoshabinni tashkil qilgan.

Foto: Dinamo