Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida ekin paytida ichki ishlar xodimlari fermerlarni ichki ishlar bo‘limlariga chaqirtirgan, bir fermerga 15 sutka qamoq rasmiylashtirishgan, holat bilan korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qiziqqandan so‘ng fermerni qo‘yib yuborishgan. 

Mazkur vaziyat yuzasidan Kun.uz O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirovga yuzlandi.

“Qiziriq tumanidagi murojaatda nomlari ko‘rsatilgan fermerlar va MChJlar Qiziriq tumani hokimining, prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining tazyiqi ostida nohaqlikka duchor bo‘lib turibdi. 

O‘z.R. VMning 2021 yil 20 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 534-sonli qarori bilan Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida chet el investitsiyasi ishtirokida klasteri tashkil etilgan.

Hukumatning ushbu qarori 3-bandiga asosan Qiziriq tumanidagi tuman hokimligi zaxirasiga olingan 24,3 ming gektar “SCT CLUSTER” MChJ shaklidagi xorijiy korxonasiga ijaraga berish haqidagi qaror qabul qilingan vaqtda tumandagi “Mamatqul”, “Parda Turopov”,”Madina Ilhom qizi”,”Navbo‘r yog‘du”,”Gold Oklog GRUP”, “Karvon TST”, “Kunchiqish baraka”,”Gold asl chorva”, “Surxon lochini”, “Istara bobodehqoni” nomli fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari qonuniy tarzda zaxiraga olinmagan.

Shuning uchun ushbu fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarining poymol bo‘lgan qonuniy manfaatlari sud qarorlari bilan tiklangan bo‘lsa-da, biroq sud qarorlari bajarilmayapti. Oqibatda shu davrga qadar ularning yer uchastkalaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilinib, ekinlarni joylashtirish to‘g‘risidagi tuman hokimining qaroriga kiritilmagan, urug‘lik g‘alla berilishi kechiktirib yuborilgan.

“SCT CLUSTER” MChJga 22400 gektar ekin yerlarini 25 yil muddatga uzoq muddatli ijaraga berish haqida shartnoma 2021 yil 29 avgustda imzolanib, № R-QIZT00571278 sonli raqam bilan ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan barvaqt o‘tkazilgan.

Bugungi kunda esa tuman hokimligi “SCT CLUSTER” MChJ bilan ushbu fermerlar o‘rtasida nizolar keltirib chiqarib, o‘zlari esa, ya’ni 4 ta sektor birikib olib, fermerlarni siquvga olmoqda.

Qayd etilgan fermer xo‘jaliklariga Vazirlar Mahkamasining departament boshlig‘i Tohir Rafiqovning odilona amaliy yordami bilan Sho‘rchi don korxonasidan urug‘lik bug‘doy olib berilgan.