12 noyabr kuni Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan telegram-kanallarida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchisi, Ukrainaga asir tushgan va mahbuslarni almashish doirasida ortga qaytarilgan Yevgeniy Nujinning shafqatsizlarcha qatl etilgani aks etgan video tarqaldi. Nujin oldinroq, asirlikda paytida ukrainalik jurnalistlarga intervyu berib, Kiyev tarafida turib urishishga tayyorligini aytgandi. U Rossiyaga qaytarilgach, vagnerchilar Nujinni «xoinligi uchun jazolagan».

«Vagner» yollanma jangchilar kompaniyasi asoschisi va rahbari Yevgeniy Prigojin tarmoqlarda tarqalgan bu videoni «ajoyib rejissyorlik ishi» deb atadi.

«Ushbu shouda (Nujin) Ukrainada baxt topa olmagani, yovuz ammo adolatli odamlar bilan uchrashgani ko‘rinib turibdi», deya yozadi unga aloqador bo‘lgan «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati.

Nujin asirlar almashuvi doirasida Rossiya kuchlari joylashgan hududga qaytgan. Bu haqda Gulagu.net inson huquqlari loyihasi va anonim VChK-OGPU telegram-kanali xabar bergan. Keyinroq bu ma’lumotni Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham tasdiqladi.

Ukraina Rossiyaga faqat o‘zi buni xohlaydigan mahbuslarni qaytarishga va’da bergan

Rossiya Federatsiyasida safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng, Volodimir Zelenskiy rus askarlarini ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lishga chaqirdi va Ukraina Rossiyaga qaytishni istamagan asirlarni bunga majburlamasligiga va’da berdi.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk ham taslim bo‘luvchi rus askarlariga xuddi shunday kafolatlarni taqdim etdi.

«Agar siz Rossiyaga qaytishni istamasangiz, Jyeneva konvensiyalari va Ukraina qonunlariga ko‘ra, hech kim sizning xohishingizga qarshi o‘laroq sizni Rossiyaga qaytarib yubormaydi», degan Vereshchuk.

Ukraina bosh razvedkasi vakili Andrey Yusov ham rus askarlari majburan almashtirilmasligini aytgan.

Ukraina hukumati o‘z va’dasini bajarmoqdami?

Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixaylo Podolyakning ta’kidlashicha, Nujin almashinuvga ixtiyoriy rozilik berish bo‘yicha hujjatga imzo qo‘ygan.

«Bizda juda oddiy yondashuv bor. Asirga olingan askar almashuvdan ixtiyoriy ravishda voz kechishi mumkin. Bu qoida bizning qonunlarda belgilangan», degan Podolyak.