O‘zbekiston | 09:38 / 23.11.2022
9279
2 daqiqa o‘qiladi

Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet o‘zbekistonlik talabalarga o‘quv grantlari ajratmoqchi

Amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoniga borgan prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston  delegatsiyasi Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet rektori vazifasini bajaruvchi Hana bint Abdulla Ali an-Na’im bilan uchrashgani barobarida Podshoh Abdulaziz nomidagi Kisva ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro o‘qituvchi-talabalar va ilmiy tadqiqotchilar almashuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.

«Imzolanadigan ikki tomonlama hujjatlar o‘zaro munosabatlar huquqiy asosini yaratib, aloqalar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi, - dedi Hana bint Abdulla Ali an-Na’im. -Universitet Turizm fakultetida tahsil olayotgan talabalar sonini 200 dan 1000 nafargacha ko‘paytirishni rejalashtiryapmiz. Biroq bizda professor-o‘qituvchilar yetishmovchiligi mavjud. Ushbu muammoni hal etish maqsadida O‘zbekistondan tajribali pedagoglarni jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin».

Muloqot natijasida o‘zbekistonlik talabalarga bakalavr va magistratura bosqichlari uchun o‘quv grantlari ajratish hamda qisqa muddatli kurslarni  tashkillashtirish, ilmiy doiralar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida tashkil etiladigan qisqa kurslarda Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet professor-o‘qituvchilari ma’ruza bilan ishtirokini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bir to‘xtamga kelindi.

Mavzuga oid