Kari Tapiola 2010-2019 yillarda XMT maxsus maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan va o‘sha yillarda bir necha marta O‘zbekistonga kelgan.

Kitobda qayd etilishicha, 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sifatida hokimiyatga kelishi bilan mamlakat o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davriga o‘tdi. Davlat boshlig‘i asosiy e’tiborni ichki va tashqi siyosatga, ochiqlik siyosatiga va Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Xitoy va AQSh bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga qaratdi. Xalqaro tashkilotlar bilan, eng avvalo BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon Banki, YeTTB bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanishicha, 2017 yil may oyida BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad Al-Husaynning O‘zbekistonga birinchi tashrifi xalqaro institutlar tomonidan respublikadagi chuqur o‘zgarishlarni tan olinishi boshlanishi hisoblanadi.

Jahon banki va XMT tomonidan birgalikda amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekistonda munosib mehnatni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikning yorqin namunasiga aylangani qayd etilgan.

Muallifning fikricha, qat’iy siyosiy iroda va prezident Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatga to‘liq barham berishga erishildi.

O‘zbekiston rahbarining 2017 yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi burilish nuqtasi bo‘ldi. Unda XMT bilan hamkorlikda bolalar va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilayotgani e’lon qilindi.

Kitobda O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berishda qo‘shgan hissasi uchun shaxsan prezident Mirziyoyev va uning jamoasiga minnatdorchilik so‘zlari keltirilgan.

Shuningdek, kitobda hukumat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari hamda xalqaro institutlar o‘rtasidagi ko‘p yillik muzokaralar natijasida erishilgan mehnat sohasidagi asosiy huquqlar yaxshilangani yuqori baholanadi.

Muallif 2021 yilda o‘tkazilgan monitoring natijalari O‘zbekiston paxta terimida majburiy va bolalar mehnatidan tizimli foydalanishga chek qo‘yganini ko‘rsatganini ta’kidlaydi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining respublikada majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha faoliyati alohida qayd etib o‘tiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani, davlat rahbarining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yuqori darajadagi sessiyasida so‘zlagan nutqi, AQSh Savdo vakilining ishchilar huquqlariga muvofiq savdo imtiyozlarini olishni cheklash bo‘yicha ishni yopish to‘g‘risidagi qarori, O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqining GSP+ benefitsiari maqomining berilishi, paxta boykotini bekor qilish kabi ijobiy xalqaro voqealar ham alohida ta’kidlangan.