Markaziy bank «Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari» sharhini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, tashqi iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklarning kuchayib borayotganligi, global retsessiya yuzaga kelishi ehtimollarining oshayotganligi va asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayuvchi trendga o‘tgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha kutilmalarning turli yo‘nalishda shakllanayotganligi, shuningdek, ichki iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgaruvchanliklarni hisobga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlar ikki xil ssenariy asosida ishlab chiqilgan.

Ssenariylar shartlarini belgilashda jahon iqtisodiyotidagi tendensiyalarning turli xil o‘zgarishi, global inflyatsion jarayonlar bo‘yicha kutilmalar, geosiyosiy vaziyat va xomashyo bozorlaridagi prognozlardagi farqlar asosiy mezonlar etib belgilab olingan.

Asosiy ssenariy shartlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari, investitsion va iste’mol talabining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qoladi. Tartibga solinadigan narxlarning shakllantirilishi bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga moslashtirib boriladi, fiskal konsolidatsiya boshlanadi, iqtisodiyotda davlat rolining pasayishi va belgilangan tarkibiy islohotlar davom ettirilishi hisobiga raqobat muhiti yaxshilanib boradi va xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi yuqori sur’atlarda o‘sib boradi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi tashqi xatarlar va global retsessiyaning kuchayishi fonida mamlakatda tashqi talab darajasi pasayishi, turli kanallar orqali kirib keladigan valuta oqimlarining kamayishi, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida ishlab chiqarish va yalpi taklifning qisqarishi ehtimollari asosida tayyorlangan. Bunda, yalpi talabning kamayishi global inflyatsion jarayonlarni jilovlovchi va xomashyo tovarlari narxlarini pasaytiruvchi omil bo‘lsa, yalpi taklifning qisqarishi ichki bozorda narxlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur ssenariyda tarkibiy islohotlarning asosiy ssenariyga nisbatan sustroq kechishi, tartibga solinadigan narxlarning inflatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi taxmin qilinmoqda. Iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida fiskal taqchillikning joriy yuqori sur’atlari saqlanib qolishi va fiskal konsolidatsiyaning boshlanishi 2024 yil va undan keyingi davrlarga kechikishi nazarda tutilgan.