25 noyabr kuni Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududining yirik shahri Urumchida kovid cheklovlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda G‘arb nashrlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga tayanib xabar tarqatdi; Reuters agentligi bu videoroliklar aynan Urumchida olinganini tasdiqlagan.

Roliklarda ko‘chada to‘plangan odamlar qo‘shiq kuylab, shiorlar aytayotganini ko‘rish mumkin — Reuters nashri yozishicha, namoyishchilar «Lokdaunni bekor qiling!» deya hayqirishgan va Xitoy madhiyasini kuylagan, unda «Qul bo‘lishni istamaydiganlar, o‘rningdan tur!» so‘zlari bor. BBC News nashri yozishicha, videolardan birida odamlar guruhi himoya to‘sig‘ini yorib o‘tishgan. The New York Times xabar qilishicha, ayrim roliklar internetning Xitoy segmentida keng tarqalgan, ammo keyin ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilgan.

Urumchida aholining katta qismiga o‘z uyini tark etish taqiqlangan lokdaun avgust oyidan buyon, ya’ni yuz kundan ortiq vaqt davomida saqlanib turibdi. Shu bilan birga, butun muxtor hududda 25 noyabr kuni kovidga chalinish bilan bog‘liq mingga yaqin yangi holat qayd etilgan, shundan faqat 20 holatda kasallik tashqi alomatlarga ega.

Namoyishlar Urumchidagi ko‘p qavatli uyda 24 noyabr kuni ro‘y bergan yong‘in ortidan bo‘lib o‘tdi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 10 kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi tan jarohati olgan.

O‘t o‘chiruvchilar ishiga kovid cheklovlari xalal bergan bo‘lishi mumkin. Hodisa chog‘ida olingan kadrlarda o‘rnatilgan to‘siq tufayli uy oldiga yetib bora olmayotgan o‘t o‘chirish mashinasini ko‘rish mumkin. Undan chiqqan suvni yuqori qavatdagi olovga yetkazishning imkoni bo‘lmagan. The New York Times nashri yozishicha, bunday to‘siqlardan Xitoy shaharlarida lokdaunlar vaqtida cheklov choralari doirasida o‘rnatiladi. Shuningdek, Reuters xabariga ko‘ra, uyda yashovchilar lokdaun tufayli hududni tezda tark eta olmagani haqida fikrlar bor.

Ammo mahalliy favqulodda xizmat boshlig‘ining aytishicha, o‘t o‘chiruvchi mashinalar uy oldiga «o‘tish yo‘li juda tor bo‘lgani va shaxsiy avtomobillar ko‘pligi» tufayli kirib bora olmagan. Shuningdek, u binoda yong‘in vaqtida chiqish yo‘llari ochiq bo‘lgani, ammo ayrim yashovchilar bu yo‘l qayerda joylashganidan bexabar bo‘lganini aytgan.