Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati ham istisno bo‘lmadi. Yaponiyalik muxlislar Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng tribunani tozalab, chiqindilarni yig‘ishtirib ketishdi. «Biz yaponmiz, shuning uchun chiqindi qoldirmaymiz. Biz bu joyni hurmat qilamiz», dedi muxlislardan biri.
Bunday misollar tez tarqaladi va dunyoni hayratda qoldiradi, garchi yaponlar uchun atrofni tozalash va saranjomlik g‘ayrioddiy hodisa bo‘lmasa-da. Ular atrof-muhit ozodaligini juda hurmat qilishadi.

Ozodalik madaniyati yaponlar ongiga singib ketgan
Yapon dunyoqarashida muhim o‘rinni poklanish egallaydi: ozodalik yaxshi, ifloslik – yomon. Poklikka qarama-qarshi tomonda «kegare» turadi – u o‘lim, kasallik va hayotning boshqa noxush hodisalarini o‘z ichiga oladi. Ularning oldini olish uchun yaponlar ruhiy va jismoniy poklanishni muhim deb hisoblashadi.
The New Yorker nashrining yozishicha, tozalash va ozodalik madaniyati «Engishiki» kitobi bilan bog‘liq. U 927 yilda yozilgan bo‘lib, Yaponiya imperatori farmonlari va qonunchilik kodeksidan iborat. Kitobda Kiotodagi imperator saroyini har yili tozalash majburiyati ta’kidlangan, bu marosim diniy ma’noga ega: yangi yildan oldin yovuz ruhlar va omadsizliklar shu tarzda haydalgan. XIII asrdan boshlab, bu odat ibodatxonalar va ziyoratgohlarga ham joriy qilindi. Shundan so‘ng, aholi orasida ham tarqaldi.
Yaponiya madaniyatida jamiyat uyg‘unligiga katta e’tibor beriladi. Bu milliy xususiyatdir. Atrof-muhitni toza saqlash tana va ruhni toza saqlashga tenglashtiriladi.

Yaponlar kichikligidan toza yurishga odatlangan, ota-onalar esa bog‘chalardan bolalarining iflos tagliklarni olib ketishadi
Tozalash – maktabdagi o‘quv jarayonining bir qismidir. Bolalar bu bilan olti-yetti yoshdan, birinchi sinfga borganidan boshlab shug‘ullanadi. Sinfni tozalash ular tomonidan jazo sifatida qabul qilinmaydi, balki o‘yin formatini oladi va odatga aylanadi. Bu odat uyda ham tozalik va tartibni saqlashni talab qiladigan ota-onalarning ta’siri bilan mustahkamlanadi. Shu tariqa, bola yapon jamiyatiga integratsiyalashib, o‘zida mas’uliyat va o‘zaro yordam tuyg‘usini rivojlantiradi.
Tozalash bolalarga butun maktab davrida hamroh bo‘ladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yuqori sinf o‘quvchilari yordam bersa, hojatxonalarni tozalash, ta’mirlash ishlari mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Tozalash uchun uyda bo‘lgani kabi changyutgich emas, balki supurgi va hokandoz ishlatiladi. Yozuvchi Yutaka Okihara «Maktabni tozalash» kitobida yondashuvni shunday ifodalagan: «Har qanday ish, hatto iflosliklarni tozalash ham o‘quvchi uchun juda past ish hisoblanmaydi. Maktabni ozoda saqlash har kimning burchidir».

















