Ona har qanday vaziyatda ham bolasiga dalda bo‘lishga o‘zida kuch topa oladi. Garchi o‘zi daldaga muhtoj bo‘lsa-da. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ichi yig‘lab, ustida tabassum qiladi. Chunki ko‘z yoshlari bilan bolasining dardiga malham bo‘lolmasligini biladi.
Farzandiga shifo istab bor-budini, uy-joyi-yu, mol-mulkini sotadi. Yeyishga noni qolmasa birovdan so‘rashga uyaladigan insonlar ham farzandi uchun og‘ir damda saxovatpeshalardan ko‘mak istaydi.
“Erim mendan yashirib ko‘p yig‘laydi”
Dilorom opaning katta o‘g‘li ayni shijoati ichiga sig‘maydigan, maktabni tamomlab, mustaqil hayotga ilk qadamlarni bosadigan yoshda og‘ir dardga chalindi.
Sinfdosh o‘rtoqlari bilan jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan Fozil darslarga borishga ham o‘zida kuch topolmay qoldi.
“Bolam oqqonning og‘ir varianti bilan og‘rigan ekan. Dadasi Rossiyada edilar. Xavotir olmasinlar deb avvaliga ularga aytmadik. Uchinchi marta ximiya olayotganda jim bo‘lib qoldi. Ahvoli og‘irlashdi. Qo‘rqib ketdim.
Tashqarida amakisi bor edi. Chiqib aytdim. Gapirmayapti, endi nima qilamiz, deb yig‘lab yubordim. Bormagan joyimiz, qilmagan ishimiz qolmadi. Doktorlar dadasini chaqiring, ko‘rib zora ahvoli yaxshilansa, deyishdi. Keyin dadasini chaqirib oldik.
Ilik ko‘chirish kerak, deyishyapti. Doktorlar juda bemalolsizlar, bolani tezroq operatsiya qildirish kerak, deb urishishadi. Nima qilaylik, pulimiz bo‘lsa qildirmasmidik?! Dadasi kunlik ishlarga chiqib keladilar.
Olib kelgan pullarini qay biriga yetkazishni bilmaymiz. Kvartiragami, yeb-ichishgami, bolamning dori-darmonlarigami... Erim mendan yashirib yig‘laydi. Bolam ichiga yutadi. Hammasini bilaman, lekin nima qilay, ularning ko‘nglidan o‘tayotganini men ham his qilib turibman” - deydi Dilorom opa xo‘rsinib.
Fozil Nazarovga oid ma’lumotlar:
Humo: 9860 3501 0955 4039 onasi Dilorom Ashurova nomida
Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, “Mang‘it” MFY, 11-uy.

















