AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Tehron bir-biriga bemisl darajada harbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Avgust oyida AQSh razvedkasi Tehron Moskvaga Ukrainadagi nishonlarga zarba berish uchun kamikadze-dronlar yetkazib berayotganini ma’lum qilgandi.

Avvaliga Rossiya ham, Eron ham bu ma’lumotni qat’iyan rad etdi, ammo ko‘p o‘tmay Ukraina hududlari va obektlari Eronning Shahed-131 va Shahed-136 dronlari zarbalariga uchray boshladi.

Shu bilan birga, Isroildagilar Rossiya va Eron o‘rtasida harbiy sohadagi yaqindan hamkorlik ancha avvalroq boshlanganini aytishgandi.

Xususan, isroillik ko‘plab siyosatchilar Eron Rossiya texnologiyasi va mutaxassislari yordamida o‘z yadroviy dasturini rivojlantirayotganiga amin.

Rossiya va Eron prezidentlari Vladimir Putin va Ibrohim Raisiy shu yil iyulida uchrashgan, avgustda esa AQSh razvedkasi Eron dronlari yetkazib berilishi boshlanganini xabar qilgandi. Foto: Getty Images 

«Rossiyaning harbiy homiysi»

Hozirda gap kamikadze dronlarni birgalikda ishlab chiqarish haqida ketmoqda, Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, bu Ukrainaga, Eronning mintaqadagi qo‘shnilariga va butun xalqaro hamjamiyatga katta zarar keltiradi.

Shu kunlarda AQSh Eron bilan kelishuvga aloqador bo‘lgan qator rossiyaliklarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etgani ma’lum bo‘ldi.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Shahed dronlari evaziga Rossiya Eronga ilg‘or harbiy komponentlar, jumladan vertolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari taqdim etishga tayyor.

«Rossiya Eron bilan qurollar ishlab chiqarish va [ulardan foydalanishga] o‘rgatish sohalarida hamkorlik qilishga intilmoqda. Eron Rossiyaning asosiy harbiy homiysiga aylandi», - degan Kirbi.

U minglab ukrainlar halok bo‘layotgani, millionlab kishilar elektr va issiqliksiz qolayotganiga Eronning harakatlari ham sababchi ekanini ta’kidlagan.