O‘zbekiston | 18:55 / 12.12.2022
19707
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib davlatga 1,7 mlrd so‘m miqdorida zarar keltirgan ohak sexi aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: KUN.UZ

Jizzax shahrining Ulug‘bek mahallasida joylashgan, hech kim muqim yashamaydigan hovlida o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarayotgan sex aniqlandi.

Noqonuniy korxona hududini ko‘zdan kechirish paytida bu yerdan 600 kg ohak, 4 dona gaz pechi va boshqa xomashyolar topilgan hamda barchasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilgan.

O‘rganish davomida xonadon egasi sentabr oyidan buyon mahalladagi 200 diametrli gaz quvuriga yashirin ravishda ulanib, hovlisidagi pechlarda ohak pishirish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida ushbu sexda taxminan 1 mlrd 746 mln 360 ming so‘mlik gaz ishlatilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir kunda 4 ta korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangandi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “BEAUTY GLASS DECOR” shishani qayta ishlash korxonasi 2 dona shisha qayta ishlash pechlarida tabiiy gazdan foydalanib kelgani, kunlik tabiiy gaz iste’moli 7 000 metr kubni tashkil etgani, korxona kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov qishni betalafot o‘tkazish bo‘yicha 9 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Olmaliqdagi g‘isht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, ko‘rsatkichni «nol» qilib qo‘yib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani, ushbu holat fosh etilgach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘raganini ta’kidlagandi.

Ushbu voqea ortidan «Hududgazta’minot»ning Toshkent viloyati filiali direktoriga nisbatan jinoyat ishi ochilgandi. Shuningdek, gaz va elektr muammosi bo‘yicha qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygani uchun «Yangiyo‘l tumangaz» va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbarlari qamoqqa olingandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid