Energetika vazirligining xabar qilishicha, Buxoroning G‘ijduvon va Peshku tumanlarida quvvati jami 1000 MVtga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalari qurilishi boshlandi.

Ma’lum qilinishicha, Saudiya Arabistonining Acwa Power kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi bilan 25 yillik shartnoma imzolagan. 

Acwa Power Uzbekistan kompaniyasi direktori Baxtiyor Eshnayevning so‘zlariga ko‘ra, shamol elektr stansiyalarini moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshiriladi. 

“Buxoro viloyati shamol elektr stansiyalari uchun juda ma’qul joy hisoblanadi. Shuning uchun “Bash” va “Jankeldi” shamol elektr stansiyalari Buxoro viloyatida joylashadi. Buning afzalligi, shamol tun-u kun esib turadi va tun-u kun elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. 1 GVt (1000 MVt) quvvatga ega stansiyalar  respublikada ishlab chiqarilayotgan 6,3 foiz elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi”, – dedi u “O‘zbekiston 24” kanaliga bergan intervyusida

Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, stansiyalar yiliga 3,6 milliard KVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi, buning natijasida (yiliga) 1,1 mlrd kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. 

Shu bilan birga,  shamol elektr stansiyalari 1 million xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, Buxoroning ikki tumanida shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha prezident farmoni 2021 yilda imzolangan

Unga ko‘ra, Acwa Power kompaniyasi investitsiya loyihalarini amalga oshirish butun davri mobaynida shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilish, har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda, jami dastlabki baholash bo‘yicha 650 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish majburiyatini olgan. 

Avvalroq, 3ta fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari ma’lum qilingandi