5 dekabrdan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxtdagi ko‘chalar, maydonlar, metro bekatlari va boshqa shu kabi obektlarni nomlash bo‘yicha takliflarni yig‘ish uchun geonom.tashkent.uz saytini ishga tushirdi.

Saytda 18 yoshga to‘lgan va Toshkentda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar yangi geografik obektlarni nomlash va mavjudlarini qayta atash jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Bekat uchun qanday nomlar taklif qilindi?

5 dekabrdan 11 dekabrgacha saytda Toshkent yerusti metrosining Do‘stlik–Qo‘yliq va Olmazor–Sergeli yo‘nalishlarida yangi qurilgan 19 ta yerusti bekatiga nom berish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Jarayonda jami 458 nafar fuqaro qatnashib, 1 900dan ortiq takliflar yig‘ildi.

Kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqsak, masalan, Sergeli liniyasidagi 1-bekatni nomlash uchun 101 ta taklif berilgan, shular orasida eng ko‘pi (59 ta) “Choshtepa” nomi uchun yuborilgan. Qolaversa, variantlar orasida “Yangi Choshtepa”, “Chashtepa”, “Chochtepa”, “Shashtepa”lari ham bor.

Liniyaning 2-bekati uchun esa eng ko‘p “Toshkent halqa yo‘li” nomi (107 ta taklifdan 20 tasi), 3-bekat uchun “Sergeli-7” (101 ta taklifdan 18 tasi), 4-bekat uchun “O‘zgarish” (82 ta taklifdan 22 tasi), 5-bekat uchun esa “Qipchoq” (90 ta taklifdan 26 tasi) nomlari yuborilgan.

Qo‘yliq yo‘nalishidagi 1-bekat uchun jami 189 ta taklif berilgan, shundan 30 tasi “Chkalov”, 29 tasi “Aviasozlar” hamda 16 tasi “Do‘stlik-2” nomlari uchun berilgan.

Berilgan takliflarning deyarli hammasida akademik Tursunboy Rashidov nomini ham uchratish mumkin. Bir guruh olimlar metro bekatlaridan birini Toshkent metropoliteni asoschilaridan birining nomi bilan atashni taklif qilmoqda.

Tursunboy Rashidov haqida

Tursunboy Rashidov / Foto: Uznews.uz

Tursunboy Rashidov – Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi atoqli olim, Fanlar akademiyasi akademigi. Toshkent metropolitenining seysmik mustahkam, zilzilabardosh bo‘lib qurilishida aynan shu olimning hissasi katta.