Metrodagi tiqilinchlarni bartaraf etish choralari haqida ma’lumot berildi
Toshkent metropolitenidagi harakat oqimini normallashtirish maqsadida ayrim yo‘nalishlarga 5 ta vagonli poyezdlar chiqariladi, 2023 yilning so‘ngigacha 14 ta yangi harakat tarkiblari olib kelinadi. Bunday choralar orqali poyezdlar harakat intervalini 1,5 daqiqagacha qisqartirish mumkinligi aytildi.
13 dekabr kuni prezidentning 18-avtobus saroyiga qilgan tashrifidan so‘ng, oxirgi bir haftada jamoat transporti muammolariga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Avtobuslar soni keskin oshirildi.
21 dekabr kuni AOKAda o‘tgan brifingda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda 850-870 ta qatnov yo‘nalishidagi avtobuslar soni 1050-1090 taga ko‘paytirilib, harakatlanish intervali 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqartirilgan. Qayd etilishicha, bu sababli yo‘lovchilar soni ham oshgan.
«12 dekabr kuni yo‘lovchilar 501 ming 863 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 19 dekabr kuni bu ko‘rsatkich sezilarli oshib, tegishlicha 567 ming 535 nafarni tashkil etdi», – dedi Ashurmatov.
Ushbu raqamlar faqatgina avtobuslar haqida ma’lumot bermoqda. Xo‘sh, Toshkent metropolitenida qanday ishlar qilinyapti? Vaholanki, tiqilinchlar shahar metrosida ham tez-tez kuzatiladi. Kun.uz mavzu borasidagi bir qancha savollarga javob olish uchun «Toshkent metropoliteni» DUK axborot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev bilan suhbatlashdi.
2022 yilda metroda qancha nosozlik kuzatildi?
Dastlab yil davomida metroda kuzatilgan nosozliklar haqida ma’lumot berildi. Mirzayevning aytishicha, o‘tgan yili «Toshkent metropoliteni» DUK «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tarkibida bo‘lgani, o‘rtaliqdagi tashkilot hisoblangani, qolaversa, matbuot xizmati ham bo‘lmagani uchun 2021 yil statistikasi to‘liq yuritilmagan.
2022 yildan esa doimiy hammasi kiritib borilgan. Unga ko‘ra, shu yil boshidan to 14 dekabrigacha poytaxt metropolitenida 19 ta nosozlik holati qayd etilgan. Bu nosozliklar metro poyezdlari harakatlanishi davomida yuzaga kelgan bo‘lib, ularning aksariyati metro poyezdlari bilan bog‘liq texnik holatlarga to‘g‘ri keladi.
Masalan, bu jarayonda elektr toki sabab poyezdlarning yoritish qurilmalari avtomatik o‘chgani yoki poyezd eshiklariga bosim oshgani uchun yopilmay qolgani kabi holatlar ko‘proq yuzaga kelgan.
Metrodagi tiqilinchlarni bartaraf etish uchun nimalar qilinmoqda?
Ma’lum qilinishicha, poytaxt metropolitenida har kuni 550-590 ming nafar atrofida yo‘lovchi tashiladi. Yaqinda havo keskin sovib, yerlarda muzlamalar hosil bo‘lgani uchun 5 dekabr kuni 620 ming nafar yo‘lovchi metrodan foydalangan.
«Poyezd vagonlari 200-250 kishiga mo‘ljallangan. Ammo eng maksimali 300 kishi deb belgilangani uchun hozirda shuncha odam tashilmoqda. Tiqilinch bo‘ladigan vaqtlarda iloji boricha barcha harakat tarkiblaridan foydalanib kelyapmiz.
Misol uchun, «Sergeli» liniyasidan kelaverishda, «Chilonzor» metro bekatidan keyin poyezd vagonlari to‘lib, odamlar chiqolmay qoladi. Shuning uchun «Olmazor» bekatidan boshlab «nulevoy» poyezd harakatini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Ya’ni shu bekatdan boshlab zaxira poyezdlarimiz bo‘sh bo‘lib harakatlanishni boshlaydi.
Shuningdek, «O‘zbekiston» yo‘nalishida tajriba-sinov tariqasida 5 ta vagonli 4 ta poyezd yo‘lga qo‘yilgan. «Sergeli» yo‘nalishidagi yerusti metro bekatlarida qurilish ishlari hali yakunlanmagani uchun u yerdagi poyezdlarning vagonini ko‘paytirganimiz yo‘q. Shu ishlar yakunlangach, keyinchalik «Sergeli» — «Chilonzor» liniyasidagi poyezdlar vagoni ham 5 taga yetkaziladi», – deydi Mirzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda yana 6 ta vagon uchun «Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi» AJga buyurtma berilgan, bu vagonlar kelgach, 5 ta vagonli poyezdlar soni 10 taga yetkaziladi.
14 ta yangi poyezd olib kelinadi
Shu bilan birga, 2023 yil davomida «Toshkent metropoliteni» DUK 14 ta yangi harakat tarkiblarini olib kelishni rejalashtirmoqda. Ta’kidlanishicha, jami 56 ta vagonli bu yangi poyezdlar Rossiyaning «Metrovagonmash» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda 250-300 nafar yo‘lovchi bemalol ketishi mumkin bo‘ladi.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, bu poyezdlar qaysi oyda, qancha summaga olib kelinishi aniq emas, hozirda moliyaviy jihatlarini kelishish jarayonlari ketmoqda.
«Bu ishlar bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Yangi harakat tarkiblarini olib kelib, poyezdlar harakat intervalini 1,5 daqiqalargacha qisqartirishimiz mumkin. Hozirda tirband bo‘lgan vaqtlarda «Chilonzor» yo‘nalishida 2-2,5 daqiqa, «O‘zbekiston» yo‘nalishida esa o‘rta hisobda 3-4 daqiqa hamda «Yunusobod» yo‘nalishida 6-7 daqiqa etib belgilangan.
2023 yilda yangi 14 ta 4 vagonli harakat tarkibini xarid qilganimizdan so‘ng bu interval yanada qisqaradi. Bu albatta yo‘nalishlardagi yo‘lovchi oqimidan kelib chiqib belgilanadi.
Endilikda bir kelishda har bir vagonga 200-250 nafardan jami 800-1000 nafar emas, balki undan ham ko‘proq odamni olib ketish imkoniyati yaratiladi. Ko‘p narsalar baribir moliyaviy jihatga borib taqaladi.
Biz DUK bo‘lganimiz uchun deyarli barcha xarajatlarimizni davlat qoplab beradi. Arzon jamoat transporti biz sarflayotgan elektr energiyasi, metroda ishlayotgan 5 mingdan ziyod xodimni oylik bilan ta’minlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni qoplab berolmaydi. Bir oyda metropolitenning ishlashi uchun o‘rtacha 3 mlrd so‘m mablag‘ sarflanadi. Chunki 825 voltda harakatlanadigan poyezdlarga, metro bekatlarini yoritish qurilmalariga, qanchadan qancha akkumulyatorlarimizga hazilakam elektr toki ketmaydi», – deydi matbuot kotibi.
Shuningdek, uning aytishicha, metrolardagi tiqilinchlarni bartaraf etish birgina metropolitenga bog‘liq emas. Bu jarayonda «Toshshahartransportxizmati» AJ ham jonbozlik ko‘rsatishi zarur.
«Metrodan foydalanayotganda o‘zaro hurmat bo‘lishini xohlardim»
Suhbat so‘ngida To‘ychi Mirzayev metro foydalanuvchilariga quyidagi iltimosnomani yetkazishni so‘radi:
«Metrodan foydalanayotganda o‘zaro hurmat bo‘lishini xohlardim. Imkoniyat darajasida tezroq tushishga harakat qilishsa, tushayotgan yo‘lovchilarga chiqayotganlar yo‘l berishsa, yaxshi bo‘lar edi. Mashinistga bitta bekatga to‘xtab, yo‘lovchilarni tushirib, yana boshqalarini ortishi uchun maksimal 20-30 soniya vaqt beriladi. Shu jarayonda intervalni buzmaslik kerak bo‘ladi. Agar yuqorida ta’kidlangan holat kuzatilsa, o‘z-o‘zidan vaqt yo‘qotiladi, oqibatda esa poyezdlar intervali cho‘ziladi. Bularning hammasi bir-biriga juda bog‘liq», – dedi u.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024