Shu paytgacha bir nechta ilmiy maqola chop qilgan, so‘nggi bir yildan oshiq davr ichida o‘z sohasida yetakchi bir ilmiy jurnal tahririyati a’zosi hisoblanuvchi Sherzod Mo‘minov Twitter’da o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Garchi, sohalar orasida farqlar bo‘lsa-da, u humanitar fanlar, xususan, yangi tarix/sharqshunoslik borasida ilmiy maqola qanday yozilishi va chop etilishi haqida o‘z tavsiyalarini berdi. Bu ilmiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan yoki kelajakda shug‘ullanishni niyat qilgan o‘quvchilarimizga qiziq bo‘ladi.

«Albatta, mening bilganlarim va tajribam chegarali. Keyin, bu yozganlarim barchaga birdek tegishli yo qiziq bo‘lmaydi. Tredim so‘ngida chop qilingan maqolalarimga havola beraman, o‘qib ko‘rish imkoningiz bo‘ladi», deydi Sh.Mo‘minov.

Sodda qilib aytganda, maqola sohangizda yaratayotgan yangiligingizni hamkasblaringiz, ma’lum doiradagi mutaxassislar bilan ilk bo‘lishishning eng maqbul yo‘lidir.

Buning boshqa yo‘llari ham bor, masalan, konferensiyada ma’ruza qilish. Ya’ni, maqola — tadqiqot natijalari bilan rasman bo‘lishish vositasi. Asl mohiyati ham aynan shunda. Ilm sohasi natijalarga asoslangan, nashr qilingan ishlar «mahsulot» sanaladigan, rejalar belgilanadigan bo‘lgani sari, maqolalar tadqiqotchining obro‘si yo mavqeyini belgilaydigan bo‘lgan.

Ko‘pincha qoralama shaklida bo‘ladigan konferensiya ma’ruzasidan farqli o‘laroq, maqola ozmi-ko‘pmi tugallangan, sayqal berilgan shaklda bo‘ladi. Buning uchun u bir necha «chig‘iriq»dan o‘tishi kerak. Bu bosqichlardan eng muhimi — «peer review» bo‘lib, uni o‘zbekchaga «mutaxassis bahosi» deb o‘girsa bo‘lar.

Nimadan boshlanadi?

Mutaxassis bahosigacha yo‘l uzoq, shuning uchun boshidan boshlaylik. Aytaylik, siz tarixchisiz va arxivlardan bir nechta yangi hujjat topdingiz. Bularni o‘zingizning oldingi izlanishlaringiz, boshqalarning yozgan maqola-yu kitobiga asoslab, yoki qiyoslab, yangi so‘z ayta olishingizni tushundingiz.

Bu yangi so‘zingiz, misol uchun, tarixning to‘liq tushunilmagan, yoki (sizningcha) noto‘g‘ri talqin qilingan sahifalariga oydinlik kiritishi, yoki yangi topilmalar yordamida oldin «A» deb o‘ylab kelingan narsa aslida «B» ekanini isbotlay olishi mumkin. Xo‘sh, bularni boshqalarga qanday bildirasiz?