Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida kelasi yil O‘zbekiston iqtisodiy hayotida kutilayotgan yangiliklarga munosabat bildirdi.

– Prezident erkin energetika bozoriga o‘tish shart ekanini ta’kidladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami yuqori tariflardan subsidiyalar orqali himoya qilinishi aytildi. Siz energetika islohoti haqida ko‘p yozasiz. Sizningcha, subsidiyalar masalasida qanday yo‘l tutilishi kerak?

– Davlat o‘zining ijtimoiy himoya reyestri orqali kimga yordam berish kerakligini aniqlashtirib oldi. Ya’ni o‘tgan davr mobaynida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” shakllantirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va davlat o‘rtasida kontakt shakllanganiga umid qilaman. Davlat energetika islohotiga o‘tgach, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordamlar to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi kerak.

Reyestrdagi aholining elektr, gaz, suvga oid iste’molchi sifatida ma’lumotlari hukumatda bor degan umiddaman. 2022 yilning yoz oyida yuridik shaxslarga e’lon qilingan tariflarga o‘tish 1 yanvardan boshlanishi maqsadga muvofiq, bu narxlar oshishi to‘g‘ridan to‘g‘ri hali aholiga ta’sir qilmaydi. Aholiga doir ijtimoiy normalar bahor yoki yoz arafasida yuz bersa kerak. Ular shunda cho‘ntagida o‘zgarish sezishi mumkin.

Har qanday subsidiya manzilli bo‘lishi kerak. O‘rtamchilar bo‘lganda subsidiyadan manfaatdor faqat boylar bo‘ladi. Biz avtomobilsozlik, kommunal sohani subsidiyalayapmiz, ammo o‘rtada vositachi bo‘lsa, bu subsidiyalardan naf bo‘lmaydi.

Agar biz ma’lumotlar omborxonasini shakllantirib olgan bo‘lsak, har qanday yordamni to‘g‘ridan to‘g‘ri yordamga muhtojlarning qo‘liga yetkazib berishimiz kerak. Agar subsidiyalarni energetika yetkazib beradiganlarga, masalan, Andijon shahridagi 1200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining elektr tokiga to‘lovlari uchun deb beradigan bo‘lsak, bundan manfaatdorlar ijtimoiy himoyaga muhtojlar bo‘lmaydi. Pul to‘g‘ridan to‘g‘ri aholining cho‘ntagiga tushishi kerak. Shunda samaradorlik bo‘ladi.

Davlat rahbari tezislarni ma’lum qildi, mexanizmlar qanday bo‘ladi – hali bilmaymiz. Ko‘ryapmiz, Vazirlar Mahkamasi keyingi paytlar juda ko‘p rejalarni oxirgi lahzalarda e’lon qilyapti; maslahatlashmayapti, fikrlashmayapti va xatolar ham ko‘p bo‘lyapti. Xatolarni kamaytirish yo‘li sifatida yopiqlikni ko‘rishyapti.

– Kelgusi yildan mol-mulk solig‘ining bir qismi mahallada qolishi reja qilinmoqda...

– Mahalla bizda qonun bo‘yicha o‘zini o‘zi boshqarish instituti hisoblanadi. Davlat boshqaruv organlarining davomi emas. Lekin oxirgi 3 yilda, ayniqsa 2022 yilda, mahalla davlat siyosatini yuritishning bir richagiga aylandi. Buning salbiy natijalarini ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da ko‘ryapmiz. Kutilgan yuqori darajadagi natijani bermadi. Birinchi navbatda biz qonuniylikka qaytishimiz kerak: mahalla – o‘zini o‘zi boshqaradigan mustaqil institut. U o‘zining daromadlariga, xarajatlariga ega bo‘lishi mumkin, bunga hech kim e’tiroz bildirmayapti. Ammo buning uchun mahalla boshqaruv organi raisi mahalla a’zolari tomonidan mustaqil saylangan bo‘lishi kerak. O‘tgan yili oxirgi saylovlarda hokimliklarning roli haddan ziyod yuqori bo‘ldi. Avval tayinlanadigan odamlarning ro‘yxati berilib, o‘sha odamlar tayinlandi.